Jahon adabiyoti manzaralari
Adabiy aloqalar, tarjimachilik, ilg‘or adabiyotlarning hayotbaxsh an’analarini o‘zlashtirish barcha zamonlarda ham milliy adabiyotlarning keyingi ravnaqini belgilab kelgan. Samarqand ilmiy-adabiy muhitida shakllangan profecsor Muhammadjon Xolbekovning «XX asr jahon adabiyoti manzaralari» kitobi «Mumtoz so‘z» nashriyoti, 2020 yil) keyingi yillarda o‘zbek adabiyotshunosligida bu borada yaratilgan muhim manbalardan hisoblanadi.
Modernizm qanday hodisa? Uni keltirib chiqargan omillar nimalardan iborat? U ilgari surgan g‘oyalar o‘zga qit’alarda qanday aks-sado berdi? Chindanam uning aqidalari sho‘ro mafkurasiga yotmidi?
M.Xolbekov 700 sahifalik ushbu tadqiqotida ana shu savollarga atroflicha va batafsil javob izlaydi. Muhimi shundaki, olim ilmiy-nazariy qarashlarini konkret asarlar tahlilidan keltirib chiqaradi. Adabiyotshunos XX asr modernizm prozasining tadrijiy talqinini Marsel Prust, Jeyms Joys, Frans Kafka, Uilyam Folkner, Ernest Xemenguey kabilar ijodi misolida ko‘rsatsa, modernizm she’riyatining xos belgilarini Tomas Eliot, Giom Apolliner asarlari tahlili bilan dalillaydi. Modernizm estetikasining asoslarini esa «asr odami» Jan-Pol Sartr, «g‘arb vijdoni» Alber Kamyularning badiiy, ilmiy-estitik qarashlari talqinida umumlashtiradi.
Modernizm hodisasi hayotga teranroq nazar solish, voqelikdagi har bir hodisotni o‘z nomi bilan atash, shaxs va jamiyatning ichki jarayonlarida kechayotgan ijtimoiy, ruhiy-psixologik o‘zgarishlariga aniq tashxis qo‘yish hamda o‘zigacha mavjud bo‘lgan kitobiylikdan qutulish istagida paydo bo‘lgan o‘ziga xos adabiy metoddir. Professor M.Xolibekov modernizmning yuzaga kelishiga asos bo‘lgan sabablarni XIX asr oxiri XX asr boshlari falsafasida pessemizm, irratsionalizm va individualizm kabi yo‘nalishlarning ustunlik qila boshlaganligida deb hisoblaydi. Qisqaroq aytganda, fransuz shoiri Sharl Bodlerning «Biz hammamiz hayotda go‘yoki adabiy dafn marosimida qatnashayotgandekmiz» – mazmunidagi hikmatli so‘zlari modernizm mohiyatini obrazli ifoda eta oladi.
O‘tgan asrning 60-yillariga kelib, modernizm o‘z umrini yashab bo‘ldi va o‘rnini postmodernizmga bo‘shatib berdi. M.Xolbekov postmodernizm adabiyoti xususida mulohaza yuritar ekan, moslashuvchanlik va kelishuvchanlikni uning xos alomatlari sifatida e’tirof etadi.
M.Xolbekovning mazkur tadqiqotida mavzu keng qamrab olingan. Unda salkam bir yarim asrlik davr mobaynida jahon adabiyotida kechgan ijodiy ta’limotlarning kelib chiqish manbalari, shakllanishi, taraqqiyot tendensiyalari bilan bog‘liq muhim holatlar, ilmiy-adabiy konsepsiyalar atroflicha o‘rganilgan va muayyan xulosalar chiqarilgan.
Muallifning intellektual roman, ong oqimi, g‘arb modern dramasi, fransuz «Bulvar teatri» kabi ilmiy-nazariy masalalar tadqiq etilgan maqolalari fikr va mulohazalarga boyligi hamda teran xulosalari bilan e’tiborni tortadi. Shuningdek, o‘zbek adabiyotshunosligida kam o‘rganilgan masalalarni yangicha kuzatuvlar asosida fundamental o‘rganilganligi mazkur asarning muhim ilmiy-nazariy manbaligini ham tayin etadi.
Shavkat HASANOV,
SamDU professori.