Jahon chempionati bo‘sag‘asida

Amaldagi Jahon chempionlari va Konfederatsiyalar Kubogini ikkinchi tarkib bilan qo‘lga kiritgan Germaniya termasi chempionatning asosiy favoritlaridan biridir. Yoaxim Lyov shogirdlari Meksika, Shvetsiya va Janubiy Koreyaga qarshi bahs olib boradi. So‘nggi yillarda ko‘rsatayotgan o‘yinlarini e’tiborga oladigan bo‘lsak, Lyov shogirdlari guruh o‘yinlarida musobaqada uzoq vaqt qolishi ehtimoli yuqori. "Nemis mashinasi" saralashning barcha o‘yinlarida g‘alaba qozondi. Raqiblar darvozasiga 43 ta to‘p kiritib, bor-yo‘g‘i to‘rtta gol o‘tkazib yubordi.

Bitta durang bilan bor-yo‘g‘i oltita to‘p o‘tkazgan belgiyaliklar ham o‘z guruhida birinchi o‘rinni oldi. O‘z safida Eden Azar, Keven de Bryoyne, Romelo Lukaku, Tibo Kurtua kabi iste’dodlarni jamlagan jamoa o‘zini ko‘rsatishiga ko‘pchilik ishonmokda.

Braziliyalik murabbiy Tite shogirdlari Neymar boshchiligida saralash bahslarida ajoyib natija qayd etdi. So‘nggi turda ular Aleksis Sanches va Arturo Vidal kabi yulduzlarga ega Chili terma jamoasining Rossiyaga borish umidini so‘ndirdi. Ular ikkinchi o‘rindagi Urugvaydan 10 ochko ilgarilab ketgan holda jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. "Pentakampeonlar" guruhda biroz qiyinchilikka uchrashi muqarrar. Ularga qarshi Serbiya, Shveysariya va Kosta - Rika termalari maydonga tushadi.

Argentina esa Messi boshchiligida qahramonlik ko‘rsatib, jahon chempionati masalasini hal etgan bo‘lsa, mintaqadan Rodriges va Falkao bilan Kolumbiya, Suares va Kavani bilan Urugvay terma jamoalari ham kelishadi.

2010 yilgi jahon chempioni - Ispaniya garchi 2008-2012 yillarda xalqaro maydonda hukmronlik qilgan "Qizil furiya" sanalmayotgan bo‘lsa-da, musobaqaning kuchli jamoalaridan biri maqomida e’tirof etilmoqda. Ular kamida yarim finalgacha bora olishlari mumkin.

Braziliya, Germaniya va Ispaniya bilan bir qatorda Fransiya terma jamoasi ham 10 yil o‘tib, chempionlikning asosiy nomzodlari orasiga qo‘shildi. "Ko‘klar" murabbiyi Dide Desham qo‘li ostida Pol Pogba va Antuan Grizmann kabi iqtidorlarga to‘la jamoa shakllangan.

Angliya va Ispaniya saralash o‘yinlarida o‘z darvozasidan eng kam gol o‘tkazgan terma jamoalardir. Jo Xart va Devid de Xea darvozasidan bor-yo‘g‘i uchtadan to‘p olib chiqishdi. Rossiyaga, shuningdek, futbol yulduzlari Krishtiano Ronaldu va Robert Levandovskilar o‘z terma jamoalari bilan tashrif buyuradi.

Mundialning yana ikki jamoasi Islandiya va Serbiyadan ham muxlislar kuchli jamoaviy o‘yinlar kutmokda. Daniya, Shveysariya va Xorvatiya ham chorak finalga chiqishni orzu qilmoqda.

Afrikada jamoalar soni boshqa qit’alarga nisbatan ko‘proq. 53 terma jamoa orasida Kongoni ortda qoldirgan Tunis chempionatga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Marokash qit’a liderlaridan biri Kot D` Ivuarni taslim etdi. Senegal esa Burkina-Faso, Kabo-Verde va JAR futbolchilariga umuman imkoniyat qoldirmadi. Muhammad Salox boshchiligidagi Misr 1990 yildan buyon ilk marta jahon chempionati yo‘llanmasiga ega chikdi. "O‘lim guruhi"dan o‘rin olgan Nigeriya terma jamoasi Ahmad Muso boshchiligida Zambiya, Jazoir va Kamerun futbolchilariga jahon chempionatiga faqat tomoshabin sifatida borishi mumkinligini bildirib qo‘ydi.

KONKAKAF mintaqasida saralash o‘yinlari chempionatga yo‘llanma olgan jamoalarni aniqlab berdi. AQSh terma jamoasi Trinidad va Tobagoga 1:2 hisobida yutqazib qo‘yganligi Panama va Gonduras terma jamoalariga yo‘l ochib berdi. Natijada Panama o‘z tarixida ilk marta mundialga yo‘llanma oldi.

Osiyo qit’asidan kelgan jamoalar orasida mamlakatimiz terma jamoasi ham bo‘lishi mumkin edi. Ammo vakillarimiz saralash bosqichining so‘nggi o‘yinida alamli tarzda chempionat yo‘llanmasini boy berdi. Biroq o‘tgan mundial kabi yurtdoshlarimiz o‘yinlarni alohida iftixor bilan kuzatadilar. Chunki chempionatda Osiyoning 5 karra eng yaxshi hakami, jahon chempionatining 9 ta uchrashuvini boshqarib, rekord sohibiga aylangan Ravshan Ermatov o‘z guruhi bilan ishtirok etadi. Unga hakamlarimiz A.Rasulov va J.Saidov, shuningdek, komissar sifatida O.Arifov hamda hakamlar nazoratchisi sifatida F.Abdullayev hamrohlik qiladi. Shu tariqa o‘zbek futboli tarixida birinchi marta Jahon chempionatida bosh hakam, laynsmenlar, hakamlar nazoratchisi va uchrashuv komissari to‘liq tarkibda qatnashadi.

Jahon chempionatlarida qit’amizdan Yaponiya, Janubiy Koreya va Eron termalari muntazam ishtirok etib kelishmoqda. Shuningdek, ular safiga Saudiya Arabistoni va Avstraliyani ham qo‘shish mumkin.

Dilmurod TO‘XTAYeV

tayyorladi.