Jahongir Vohidovga viloyat hokimining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari topshirildi
Vengriya poytaxti Budapesht shahrida o‘tkazilgan 45-Butunjahon shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi bronza medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, qizlarimiz ishtirokini 12-o‘rinda yakunladi.
Bronza medallarni qo‘lga kiritgan O‘zbekiston erkaklar jamoasi a’zolari “Prezident sovg‘asi” sifatida BYD Chazor rusumidagi avtomobillar hamda pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Olimpiadada sovrindor bo‘lgan va faol ishtirok etgan viloyatimiz shaxmatchilari Jahongir Vohidov, Afruza Hamdamova hamda Marjona Malikova Samarqandda tantanali kutib olindi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimi E.Turdimov ishtirok etib, sportchilarni tabrikladi, ularga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alarini topshirdi.
- Ikki yil avval Hindistonning Chennay shahrida o‘tkazilgan 44-Butunjahon shaxmat Olimpiadasida chempionlik shohsupasiga ko‘tarilgan edik, - deydi Jahongir Vohidov. – Bu yil ham ikki karra chempion bo‘lib, tarix yaratishni maqsad qilgandik. Afsuski, omadimiz kelmadi. Lekin kuchli davlat shaxmatchilari orasida sovrindorlar qatoridan joy oldik va shuning o‘zi ham katta natija. Bu yutuqlarning barchasi yurtimizda sportchilarga yaratilgan sharoit va shaxmatni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor natijasi deb bilaman. Jumladan, 2026 yilda 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining O‘zbekistonda va aynan Samarqandda o‘tkazilishi ham bejizga emas. Albatta, mazkur nufuzli musobaqaga munosib tayyorgarlik ko‘rib, faqat chempionlik uchun dona suramiz va bildirilgan ishonchni oqlaymiz.