Jamoa murojaati qay tartibda ko‘rib chiqiladi?
«Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi qonunning 11-moddasi murojaat etish huquqini amalga oshirishning kafolatlari deb nomlanadi.
Unga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslarga davlat organlariga yakka tartibda yoki jamoa bo‘lib murojaat etish huquqi kafolatlanadi. Ya’ni, har kim ham alohida, ham boshqa shaxslar bilan birgalikda vakolatli davlat organlari va davlat muassasalariga arizalar, takliflar va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega.
Davlat organlariga shaxsan yoki jamoa bo‘lib murojaat qilish imkoniyati, shuningdek “Davlat organlari va davlat muassasalarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risida namunaviy nizom”da ko‘zda tutilgan.
Murojaatlar og‘zaki yoki yozma, elektron shaklda berilishi mumkin.
Amaliyoda ayrim hollarda jamoa bo‘lib qilingan murojaatda ro‘yxatning ikkinchi yoki undan keyingi o‘rinlarida turganlar imzo o‘ziniki, ammo murojaat mazmunidan bexabarligini bildiradi. Qayd etish lozimki, bu holat murojaatni anonim, deb topish yoki ko‘rmasdan qoldirishga asos bo‘lolmaydi.
Jismoniy yoki yuridik shaxslar jamoa bo‘lib murojaat qilgan taqdirda, ularning murojaatlari Qonun talablari va Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 7 maydagi qarori bilan tasdiqlangan «Davlat organlarida, davlat muassasalarida va davlat ishtirokidagi tashkilotlarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risida namunaviy nizom»ga muvofiq ko‘rib chiqiladi. Bunda murojaatga javob murojaat qilganlarning ro‘yxatida birinchi bo‘lib ko‘rsatilgan shaxsga yoki ularning talabiga ko‘ra, boshqa shaxsga yuboriladi.
Jismoniy yoki yuridik shaxsning iltimosiga ko‘ra murojaatni ko‘rib chiqqan davlat organi, tashkiloti va ularning mansabdor shaxslari murojaatga javobni uning mazmunini o‘zgartirmasdan tushuntirishi, shuningdek yo‘l qo‘yilgan xatolar va arifmetik xatolarni o‘z tashabbusiga ko‘ra yoki murojaat qiluvchining iltimosiga ko‘ra, murojaatga javobning mazmuniga daxl qilmagan holda tuzatishi shart.
Murojaat qiluvchining murojaatga javobni tushuntirish va uni tuzatish to‘g‘risidagi iltimosi u kelib tushgan kundan e’tiboran o‘n kun ichida ko‘rib chiqiladi.
B.Qarshiyev,
viloyat hokimligi bosh yuristkonsulti.