Jamoatchilik komissiyalari qachon samarali faoliyat yuritadi?
Xo‘sh, ayni vaqtda viloyatimizdagi shahar va tumanlarda mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi ushbu komissiyalar qanday faoliyat yuritmoqda? Shu kabi savollarga Qo‘shrabot tumanidagi mahallalar misolida javob izladik.
Ayni vaqtda tumanda 39 mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud bo‘lib, barchasida jamoatchilik komissiyalari tashkil etilgan.
Mustaqillik mahallasida 2 ming 300 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Mahalla fuqarolar yig‘inida 9 ta jamoatchilik komissiyasi mavjud.
– Mahallamizdagi jamoatchilik komissiyalari 2018 yil uchun o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilab olgan, – deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi B.Irzaqulov. – Shu asosida ishlar olib borilmoqda. Jumladan, yarashtirish komissiyasi tomonidan yanvar oyida bitta notinch oila yarashtirildi. Ma’rifat va ma’naviyat masalalari bo‘yicha komissiya mahalla, umumta’lim maktablarida profilaktika inspektori bilan hamkorlikda suhbat va tadbirlar o‘tkazib kelmoqda.
Mahalla raisining qo‘shimcha qilishicha, tadbirkorlik faoliyati va oilaviy biznesni rivojlantirish masalalari bo‘yicha komissiya tomonidan mahalladagi 64 nafar tadbirkorga bank kreditlaridan maqsadli foydalanishi uchun amaliy ko‘mak berib kelinmoqda. Voyaga yetmaganlar, yoshlar va sport masalalari bo‘yicha komissiya 81, 82-umumta’lim maktablarining yuqori sinf o‘quvchilari o‘rtasida sport musobaqalarini o‘tkazgan.
Afsuski, tumandagi mahallalarning barchasida jamoatchilik komissiyalarining faoliyatini qoniqarli deb bo‘lmaydi. Misol uchun, Pichot mahallasida jamoatchilik komissiyalarining faqat yig‘ma jildlarigina mavjud. Bizga hamrohlik qilgan mahalla mas’ul kotibi A.Jonvozovdan komissiyalar haqida ma’lumot ololmadik.
Yig‘ma jildlardan ma’lumot olishga harakat qildik. Ammo ularning tartibsizligi, ma’lumotlar yetarli emasligi, zarur hujjatlari yo‘qligi, qoniqarsiz yuritilganligining guvohi bo‘ldik. Nam tortib, achinarli holatga kelib qolgan yig‘ma jildlarga ancha vaqtdan buyon qo‘l tekkizilmaganligi yaqqol ko‘rinib turibdi. Bir necha yil avvalgi chala ish reja yoki hisobotlar bor, yangilarini esa qidirib topolmaysiz.
– Hammasini to‘g‘rilaymiz, – deydi A.Jonvozov.
Biror komissiya raisi yoki a’zosi bilan suhbatlashish istagini bildirganimizda mahalla mas’ul kotibi turli vajlarni aytib, bu imkoniyatni bizga taqdim eta olmadi.
Noiloj komissiyalar faoliyati haqida mahalla fuqarolariga yuzlandik.
– To‘g‘risi, jamoatchilik komissiyalari haqida ma’lumotga ega emasman, – deydi vaqtincha ishsiz fuqaro A.Xoldorov. – Xonadonimizga kelib, muammolarimizni o‘rganganini ham eslolmayman.
Tushunamiz, qog‘ozda nomi bor-u, amalda qorasini ko‘rsatmaydigan komissiyalar raislari va a’zolari samarali faoliyat yuritmagandan keyin fuqaro ularni qayerdan ham bilsin?!
O‘rganishimiz Buloqboshi mahalla fuqarolar yig‘inida davom etdi. Afsuski, holat yuqoridagi kabi achinarli. Ahvol shunday ekan mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi jamoatchilik komissiyalaridan nima naf? Bu borada jiddiy o‘ylab ko‘rish vaqti kelmadimikan?
Bu haqida jamoatchilik komissiyalari faoliyati haqidagi bir nechta tanqidiy maqolalarimizda ko‘p yozganmiz. Achinarlisi, necha yillardan buyon ahvol, jamoatchilik komissiyalarining aksariyatida ishga bo‘lgan munosabat ijobiy tomonga o‘zgarmagan.
Axir, komissiyalar o‘z ishini samarali tashkil etish maqsadida aholi bilan doimo muloqotda bo‘lishi, aniqlangan masala va muammolarga barham berish, ularning oldini olish yuzasidan ish rejalarini ishlab chiqishi zarur, ularning ijrosi bo‘yicha har chorakda fuqarolar yig‘inining vakillar yig‘ilishiga hisobot taqdim etib borishi lozim. Ammo biz o‘rganish jarayonida aksariyat mahallalarda na unisini, na bunisini ko‘rdik.
Jamoatchilik komissiyalari tarkibi asosan, mahalladagi faol, hayotiy tajriba, obro‘-e’tibor, hurmatga ega bo‘lgan fuqarolardan va zarur hollarda mahalliy davlat hokimiyati idoralari vakillaridan iborat bo‘ladi. Fikrimizcha, komissiyalar tarkibini tuzishda shu jihatlarga jiddiy e’tibor qaratish zarur. Aks holda yuqoridagi kabi «xo‘jako‘rsin» ishlarga barham berilmaydi.
Folib ABDUSALOMOV,
«Zarafshon» muxbiri.