Jamoaviy immunitet orqali koronavirusga qarshi kurashish nega xavfli?
AOKA shtabida bo‘lib o‘tgan brifingda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Barno Abdusamatova jamoaviy immunitet hosil qilish yo‘li bilan koronovirusga qarshi qanday kurashish mumkinligi, uning yuqori xavf darajasi haqida ma’lumot berdi.
Uning ta’kidlashicha, jamoaviy immunitet hosil qilish yo‘li bilan koronovirusga qarshi kurashish ham bir usul. Lekin bu juda xavfli. Chunki koronavirusga nisbatan ommaviy immunitet shakllanishi uchun aholining 60 foizdan 80 foizgacha qismi kasallanib, sog‘ayishi kerak.
Ko‘plab odamlarning hayotini, ayniqsa, xavf guruhiga kiruvchi: surunkali kasalliklari bor, yoshi kattalar, homiladorlar va bolalarni xavf ostiga qo‘yishimiz mumkin.
Ko‘p odamlarning kasallanishi, davolanishi va immunitet hosil qilishi uchun bir necha yillar kerak bo‘ladi. Shuningdek epidemiyani oldini olmasak, infeksiya tarqalishi rivojlanib ketadi. Oqibatda kasallanish holatlari ortib ketadi, buning natijasida klinikalarda bemor ko‘payib, sohaga bosim ortadi, o‘lim soni ortadi.
Shuning uchun ushbu yo‘lni O‘zbekiston hech qachon tanlamaydi. Aksincha pandemiyani nazoratda ushlab turib ko‘p vaqt davomida kamroq odamlar kasal bo‘lishiga erishishimiz mumkin.
Shu davr ichida esa vaksina masalasi ham hal bo‘lishi mumkin.