Janubiy Koreya O‘zbekistonga navbatdagi insonparvarlik yordami jo‘natdi

“Uzbekistan Airways” AJning yuk tashish charter reys bilan Janubiy Koreyadan navbatdagi insonparvarlik yordami olib kelindi.

“Dunyo” AA xabariga ko‘ra, 20 ta yarim avtomatik mexanizmli va ko‘p funksiyali tibbiy krovatdan iborat insonparvarlik yordami Janubiy Koreyaning “Myung Sung Placon Co., Ltd” kompaniyasi ko‘magida tashkillashtirilgan.

O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi Sog‘liqni saqlash vazirligi ehtiyojlari uchun koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashishga yo‘naltirilgan insonparvarlik yordami, birinchi navbatda, yuqori texnologiyaga ega tibbiy asbob-uskunalar (ko‘tarib yurishga qulay ko‘chma rentgen uskunalari, shprits nasoslari va boshqa qo‘shimcha jihozlar)ni keng ko‘lamda jalb qilishni izchil davom ettirmoqda.

Ta’kidlanishicha, umumiy og‘irligi taxminan 15 tonna bo‘lgan 126 ming dollarlik insonparvarlik yordamining qolgan qismi navbatdagi yuk tashish charter reysi bilan jo‘natiladi.

Agentlik xabarida 23 may kuni ham O‘zbekistonga Janubiy Koreyaning “Suwan TPL” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan 20 ta yarim avtomatik mexanizmli va ko‘p funksiyali tibbiy krovat yetkazib berilgani qayd etilgan.