Jasur Umirovning jazosi yengillashtirilib, ozodlikka chiqarildi
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda xonanda Jasur Umirovning qamoqdan chiqqani haqida xabarlar va video tarqaldi.
Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot kotibi Bobur Tulyaganov ushbu holatga oydinlik kiritdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 8 iyunidagi Oliy sudning kassatsiya instansiyasining ajrimiga asosan Umirov Jasur Ubaydullayevich Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llagan holda, shuningdek jabrlanuvchi va uning qonuniy vakilining unga nisbatan da’vosi yo‘qligini inobatga olgan holda unga nisbatan chiqarilgan ozodlikdan mahrum qilish jazosi ozodlikni cheklash jazosiga o‘zgartirilgan.
2021 yil 9 iyun kuni yuqoridagilarga asoslanib, J.Umirov Jazoni ijro etish koloniyasidan ozod qilindi.
Eslatib o‘tamiz, 2 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudida sudlanuvchi Jasur Umirovga nisbatan sud hukmi e’lon qilingan edi. Unga ko‘ra J. Umirov Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 1-qismi bilan aybli deb topilib, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edi.