Jim turing, ota-onalar nima deydi?

Har bir ota-ona farzandini baxtli bo‘lishini, qo‘shgani bilan qo‘sha qarishini istaydi.
Lekin juda ko‘p holatlarda ota-onalar bo‘lajak kuyov va kelinning odobi va kasb-hunari haqida to‘la ma’lumotga ega bo‘lmay, to‘yga rozi bo‘lib yuborishyapti-da. Natijada to‘ydan keyin yo kuyov yoki kelinning “hunar”lari ko‘zga tashlanayotir.
Ko‘pincha eshitib qolamiz. Falonchining qizi uyiga kelib o‘tirganmish. Iya, bu nimasi bo‘ldi? Yaqinginada to‘yi bo‘lgan edi-ku. Buning ustiga ikki quda tanish-bilish bo‘lsa. Yana o‘rtada nima muammo bo‘lishi mumkin? Kuyov hech joyda ishlamasmish. Kelindan har kuni pul topib berasan deb, janjal qilarmish. Tunov kuni pul topib bermagan ekan, kuyov xotinini rosa do‘pposlabdi...
Tabiiyki, bunday erkakning oilasida tinchlik-totuvlik bo‘lishi mumkinmi? Bechora ayol bekorchilikdan chiqqan janjallarga bardosh beraoladimi? Nega shunday bo‘lyapti? Bunga kim aybdor? Kelinmi yoki kuyov?
Bizningcha, birinchi navbatda bularga tarbiya bergan ota-onalar aybdordir. Vaqtida taltaytirib o‘stirdi. Nimani olaman desa ziyodi bilan sovg‘a qildi. Ana endi nima bo‘ldi? Buning badalini kim to‘laydi? Yoshlar hayotning arzimas qiyinchiliklari oldida sinib ketyapti. Eh-he, ularni oldinda turmushning bunga o‘xshagan necha zarbalari kutib turganligini bilisharmikin?
"E, og‘ayni bu ertaklarni qayerdan olyapsiz?" deyishingizni his qilayapman. Meni ayblashdan oldin sudlarga bir borib ko‘ring. Masalaga oydinlik kiritasiz-qo‘yasiz.
“Yo‘q men bunday turmush o‘rtoq bilan yashamayman” deb ochiq oydin aytayapti. Tavba qilish kerak. Ularning ko‘pchiligining farzandlari ham bor.
Gapiraversak gap ko‘p. Bundaylarning oldini olish uchun nima qilish kerak? Buning ustiga mahallalarda xotin-qizlar masalalari bo‘yicha alohida shtat ham ajratildi. Baribir yana o‘sha gap. Endi bitta-ikkita bo‘ladi-da deyishingiz mumkin. Gap o‘sha bitta-ikkita haqida ketyapti. Har bir mahallada siz aytganingizdek bitta-ikita bo‘lsa, bir tumanda 60-65 ta mahalla bor. Viloyat, respublikada-chi? Sizningcha nima qilish kerak?..
Husniddin Xoldorov.