Jismoniy tarbiya va sport mutaxassislarini tayyorlashda xorij tajribasidan foydalaniladi
Samarqand shahridagi oliy sport mahorat institutida “Globallashuv jarayonida jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimidagi dolzarb muammo va yechimlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Yoshlar siyosati va sport vazirining o‘rinbosari Durdona Rahimova, viloyat hokimining o‘rinbosari Xurshid Ochilov, jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassisilarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti rektori, professor Ilhomjon Tursunaliyev jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlarni tayyorlash, malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
20 nafarga yaqin xorijlik va 150 nafardan ziyod mahalliy oliy ta’lim muassasalaridan professor-o‘qituvchilar, murabbiy va mutaxassislar ishtirok etgan tadbirda mutaxassislarni qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish tizimini boshqarishning innovatsion va pedagogik texnologiyalari muhokama etildi.
Yurtimizda jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlashda amaliy ishlar boshlab yuborilgan, - deydi jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassisilarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti ilmiy ishlar va xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori Zokir Rasulov. – Jumladan, davlatimiz rahbarining 2022 yil 6 iyundagi “Oliy sport mahorati instituti faoliyatini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, mamlakatimizda oliy sport mahorati instituti faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Samarqand shahrida joylashgan mazkur institut professional ta’lim tizimini tamomlagan bitiruvchilar uchun o‘qish davomiyligi uch yil bo‘lgan davlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Institutda ta’lim faoliyati 2023-2024 o‘quv yilidan boshlanib, jismoniy tarbiya va sport sohasida oliy ma’lumotli yuqori malakali kadrlar tayyorlanadi. Mazkur anjumanning Samarqand shahrida aynan shu institutda o‘tkazilayotgani ham bejiz emas. Tadbirda sporti rivojlangan Buyuk Britaniya, Braziliya, Xitoy va Iroq mamlakatlari mutaxassislari tajribasini muhokama qilib, aholini ommaviy sportga jalb qilish masalalari va o‘quv dasturlarida malakali kadrlar tayyorlash metodikalaridan foydalanishga kelishib olindi.
- O‘zbekistonda asosan yosh avlod vakillari sportga juda qiziqadi, - deydi fransiyalik Darius Riazi. – Men uch yildan buyon Samarqanddagi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida sport tarixidan dars berish jarayonida bunga amin bo‘ldim. Shu bois yurtingizdan yoshlar olimpiya o‘yinlarida ko‘p qatnashadi. Anjumanda ham bu masala alohida qayd etib o‘tildi va bu borada biz sizlarning tajribangiz bilan o‘rtoqlashdik. Shuningdek, sport sotsiologiyasi falsafasi, tarixi haqida fikr almashib, kadrlar tayyorlashda va ta’lim jarayonida innovatsion texnologiyalardan foydalanish borasida tajriba almashdik.
Anjuman davomida ishtirokchilar tomonidan globallashuv jarayonida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimida jismoniy tarbiyaning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan ma’ruzalar o‘qilib, tajriba sifatida master klasslar o‘tkazildi.