YuNESKOning tarixiy Samarqand forumi O‘zbekistonning xalqaro diplomatiya va ochiq muloqotga doim tayyorligini namoyon etdi

Samarqanddagi kongress markazida BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YuNESKO) Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining yakuniy majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda so‘zga chiqqanlar 30 oktyabrda boshlangan mazkur xalqaro forum so‘nggi 40 yilda birinchi marta YuNESKOning Parij shahridagi bosh qarorgohidan tashqarida, tarixiy Samarqandda o‘tkazilgani bilan muhim ahamiyatga ega bo‘lganini qayd etdilar. Unda tashkilotga a’zo 180 dan ortiq davlatdan 4,6 ming nafar vakil ishtirok etdi va YuNESKO tarixida Bosh konferensiya sessiyalarida shu paytgacha bunchalik ko‘p qatnashchi bo‘lmagan tadbir sifatida baholandi. 

Bosh konferensiya 43-sessiyasi ochilish marosimida mezbon davlat – O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan birga mehmon sifatida Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich, Slovakiya Prezidenti Peter Pellegrini ishtirok etdi. 

Ikki hafta davomida Bosh konferensiya sessiya majlislari bilan birga 150 dan ortiq tadbir, seminar va konferensiyalar, xalqaro ko‘rgazmalar va konsert dasturlari namoyish etildi. Tashkilotga a’zo davlatlar tomonidan taqdimotlar o‘tkazildi. 

Anjuman arafasida Samarqand YuNESKOning XIV Yoshlar forumiga mezbonlik qildi va unda yoshlar dunyodagi global iqlim o‘zgarishlarini muhokama qilib, o‘z g‘oya va tashabbuslarini bildirdi. Bu tashabbuslar Bosh konferensiya 43-sessiyasi majlislarida, milliy komissiyalar yig‘ilishlarida ko‘rib chiqildi.

Samarqand forumi tadbirlari doirasida ilk bor Abu Rayhon Beruniy nomidagi YuNESKO – O‘zbekiston xalqaro mukofoti o‘z egalariga topshirildi. Braziliyaning Minas Gerais federal universiteti (UFMG) kompyuter texnologiyalari bo‘yicha faxriy professori Virgilio Augusto Fernandes de Almeida, Parijdagi Amerika universiteti professorlari Syuzan Perri va Klaudiya Roda hamda Xitoyning Sinxua universiteti qoshidagi xalqaro sun’iy intellektni boshqarish instituti olimlari mazkur mukofot bilan taqdirlandi.

Bosh konferensiya 43-sessiyasida 2017 yildan buyon YuNESKOga rahbarlik qilgan Odri Azule xonimning vakolat muddati yakunlanib, u tantanali tarzda kuzatildi. O‘zbekiston va YuNESKO o‘rtasida fan, ta’lim va madaniyat sohalaridagi aloqalarni rivojlantirishdagi katta xizmatlari hamda xalqimizning boy madaniy merosini keng ommalashtirishga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun Odri Azule xonim davlatimizning yuksak mukofoti –  “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.


Misrlik olim va siyosat arbobi Holid al-Ananiy YuNESKOning yangi Bosh direktori etib saylandi va tashkilotning 12-rahbari sifatida Samarqandda inaguratsiya marosimini o‘tkazdi.

Bosh konferensiya sessiyasi doirasida Samarqandda jahon san’ati yulduzlari – mayestro Vladimir Spivakov va mashhur pianinochi Elen Mersye, mashhur fransuz bastakori va YuNESKOning yaxshi niyat elchisi Jan-Mishel Jarning konsert dasturlari namoyish etildi.

– Biz tashkilotimizning so‘nggi qirq yildagi tarixida ilk bor Parijdagi bosh qarorgohimizdan tashqarida, dunyoga mashhur Samarqand shahrida Bosh konferensiyaning 43-sessiyasini muvaffaqiyatli o‘tkazdik, – dedi YuNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasi raisi Xondker Muhammad Talxa. – Bu O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tarixiy tashabbusi asosida amalga oshirilgani va barcha a’zo davlatlar vakillari tomonidan qo‘llab-quvvatlanganini alohida ta’kidlashni istayman. Bu bilan O‘zbekiston YuNESKO missiyasini qo‘llab-quvvatlashi, xalqaro diplomatiya va muloqotga ochiqligini yana bir bor namoyon etdi. Ikki hafta davomida Samarqand YuNESKOga a’zo 180 dan ortiq davlat vakillari, 4600 dan ko‘proq ishtirokchi, 20 ga yaqin nodavlat notijorat tashkiloti, 3 ta xalqaro tashkilot, 240 nafar delegatni bir davrada birlashtirdi, ularning ovozlarini tinglash imkoniyatini yaratdi. Bu ovozlarda biz bugun dunyo xalqlari duch kelayotgan global mummolar bo‘yicha tezkorlar qabul qilishga da’vatni, turli mintaqalarda yuz berayotgan nizolarni diplomatik muloqot yo‘li bilan hal etishga chaqiriqlarni, iqlim o‘zgarishi muammolarga birgalikda yechim topishga intilish, ayollar manfaatlarini himoya qilish, bolalarning sifatli ta’lim olishini ta’minlash kafolatini yaratish va boshqa muhim masalalarni eshitdik, o‘z nuqtai nazarimizni bayon etdik. Bu yerdagi muhokamalar va qabul qilingan qarorlar albatta, YuNESKO maqsadlarini ro‘yobga chiqarish, dunyo xalqlarining manfaatlarini ishonchli himoyalashga xizmat qiladi.

Yakuniy majlisda O‘zbekistonning YuNESKOdagi doimiy vakili Kamol Muxtorov 43-sessiyaning muvaffaqiyatli o‘tkazilishida tashkilot shtab kvartirasi bilan samarali hamkorlik muhim omil bo‘lganini ta’kidladi va mamlakatimiz bundan buyon ham mazkur nufuzli tuzilma bilan aloqalarni yanada kengaytirishga tayyorligini bildirdi.

Anjuman qatnashchilari YuNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasi yuqori saviyada o‘tkazilgani va faol muloqotga imkoniyat yaratilgani uchun O‘zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildirdilar va bu haqda tegishli hujjat qabul qilindi.