«Jismoniy tayyorgarlik darajasi» sport sinovlarini qabul qilish boshlandi

Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida yosh toifasi bo‘yicha “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlarini olish boshlandi.

Dastlabki yo‘nalishda viloyatdagi umumta’lim maktablari o‘quvchilaridan sport sinovlarini qabul qilish jarayoniga start berildi.

Samarqand shahridagi 9-umumta’lim maktabida tashkil etilgan tadbirda maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Azizbek Turdiyev, sport vaziri maslahatchisi Sharifjon Mo‘minjonov, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi hamda sport boshqarmalari, kasaba uyushmalari vakillari ishtirok etdi.

So‘zga chiqqanlar sport sinovlari nafaqat yoshlarning jismoniy tayyorgarlik holatini aniqlash, balki sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, o‘quvchilarda iroda, chidamlilik va intilish kabi fazilatlarni shakllantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i Jasur Nurmonovning ma’lum qilishicha, sport sinovlarining ixtiyoriy va maxsus talablarini bajarish uchun mahalla va maktablarda sport inshootlari tanlab olingan bo‘lib, ishtirokchilar uzoq va qisqa masofaga yugurish, yurish, basketbol savatchasiga to‘p kiritish, uzun va qisqa masofaga sakrash, granata uloqtirish kabi sport mashg‘ulotlarini bajaradi.

- Mart-aprel oylarida 7 yoshdan 17 yoshgacha, aprel-may oylarida 18 yoshdan 29 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar sport sinovlarini topshiradi, - deydi J.Nurmonov. - Oktyabr-noyabr oylarida 30 yoshdan 70 yoshgacha va undan katta yoshdagi shaxslardan hamda davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan xodimlardan murakkablik darajasini hisobga olgan holda ixtiyoriy va maxsus talablar asosida sport sinovlari olinadi.

Jismoniy tayyorgarlik me’yorlarini bajargan fuqarolarning tahliliy ma’lumotlari my.sport.uz platformasida “Sport sinovlari” axborot tizimiga joylashtirib boriladi. Hozirga qadar sport sinovlarida ishtirok etish uchun viloyatdagi umumta’lim maktablarining 7-17 yoshli 312 ming 128 nafar o‘quvchisi ro‘yxatdan o‘tgan va ayni paytda ushbu jarayon davom etmoqda.