Jizzaxlik va samarqandlik yosh ijodkorlar saralandi

Samarqand shahrida respublika yosh ijodkorlarining “Iste’dod maktabi” tanlovining hududiy bosqichi o‘tkazildi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etilgan ikki kunlik tadbirda saralangan 10 nafar jizzaxlik va 10 nafar samarqandlik yoshlar besh yo‘nalish bo‘yicha o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.
18 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan ijodkorlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan tanlovda yoshlar nazm, nasr, publitsistika, bolalar ijodiyoti, tarjimonlik yo‘nalishlari bo‘yicha bellashdi.

Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Saidov, O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir qatnashib, bu kabi tadbirlar iste’dodli va iqtidorli yoshlarni kashf etishida katta ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.

Anjuman davomida ijodi yuqori baholangan yoshlarning asarlari jamlanib, “Birinchi kitobim” loyihasi doirasida chop etiladi.

Tadbir yakunida seminar ishtirokchilariga sertifikat hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Registon maydonida hududiy seminar qatnashchilari ishtirokida “Samarqand she’riyat oqshomi” mushoirasi ham o‘tkazildi.

Shuningdek, 18 nafar samarqandlik ijodkorlar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga yangidan qabul qilingani e’lon qilinib, ularga a’zolik guvohnomalari topshirildi.

Husan Eltoyev.