Qirg‘izistonda fonogrammada qo‘shiq aytish ta’qiqlandi
2023 yil 1 yanvardan boshlab Qirg‘izistonda davlat idoralarida va ommaviy tadbirlarda fonogrammada kuylash taqiqlandi.
Ushbu taqiq teatrlar, sport muassasalari, konsert zallari, kinozallar, klublar, muzeylar, kutubxonalar va filarmoniyalarda amal qiladi.
Qirg‘izistonda jonli ijro bo‘yicha gap-so‘zlar 2021 yilda boshlangan edi. O‘shanda madaniyat vazirligi konsert afishalarida va chiptalarda ijro etiladigan qo‘shiq “fonogramma” yoki “jonli ovoz” deb ko‘rsatilishi shartligini talab qiluvchi buyruq chiqargandi, deya xabar bermoqda UzA.
Masalan, Tojikistonda fonogramma orqali ijro etish 2007 yilda taqiqlangan, deb yozmoqda Tojikistonning “Xovar” agentligi. Taqiq e’lon qilinishiga asosiy sabablardan biri sifatida «fonogrammada ovoz yozish qo‘shiqchilik-musiqa san’ati rivojiga salbiy ta’sir etishi» ko‘rsatilgan, deyiladi xabarda.
Undan ham oldin, ya’ni 2005 yilda Turkmanistonda davlat konsertlarida ham, oilaviy tantanalarda ham fonogrammada kuylash taqiqlab qo‘yilgan edi. Ushbu taqiqdan maqsad «asl madaniy qadriyatlarni chet omillardan himoya qilishdir», deyilgan.
O‘zbekistonda bu tartib sal keyinroq – 2018 yilda joriy qilingan. Davlat bayramlarida ishtirok etadigan barcha xonandalar qo‘shiqlarini jonli ijro etishi kerak.
2020 yilda Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev madaniyat masalalari bo‘yicha tuzatishni imzoladi, unda tomoshabinlarni konsert fonogrammada ijro etilishi haqida oldindan ogohlantirish majburiy qilib qo‘yildi.
Fonogrammada kuylash nafaqat Markaziy Osiyo mamlakatlarida, balki Xitoy, Ozarbayjon, Moldova, AQSh va boshqa bir qancha mamlakatlarda ham taqiqlanadi. Qolaversa, fonogrammada kuylashga qarshi kurash masalasiga ko‘p mamlakatlarda jiddiy yondoshilmoqda. Masalan, Ozarbayjonda fonogrammada qo‘shiq ijro etish butunlay taqiqlangan. Bokuga gostrolga kelgan barcha rossiyalik artistlar qo‘shiqlarini jonli ijroda taqdim qilishga majbur.
AQShda fonogrammada chiqish qilish qonun bilan taqiqlangan, konsertga sotib olingan chiptada va reklamada bu haqda ko‘rsatilmagan bo‘lsa, javobgarlikka tortiladi.