Jomboyda qo‘lbola aroq ishlab chiqarayotgan yashirin sex fosh etildi
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Jomboy tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tuman hududida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda fuqaro D.S. Samarqand mahallasi hududidagi xonadonida yashirin sex tashkil qilib, qo‘lbola usulda alkogol mahsulotlari ishlab chiqarayotganligi aniqlandi. Ushbu yashirin sexdan umumiy bahosi 69,8 mln so‘mlik 19 100 dona yorliqlar, 10 ming dona shisha qopqoqlari, 1500 dona bo‘sh shisha idish, 1570 dona qalbaki aksiz marka, 1420 litr spirt, 359 dona alkogol mahsulotlari va ishlab chiqarishda foydalanilgan boshqa mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) va 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.