Samarqand shahri va Narpay tumanida qo‘lbola aroq ishlab chiqaruvchilar aniqlandi

DXX Samarqand viloyati boshqarmasi viloyat IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazgan navbatdagi tadbir natijasida qo‘lbola aroq yasovchi "tadbirkor"ning faoliyatiga chek qo‘yildi. Samarqand shahrida yashovchi B.Yu. o‘z xonadonida noqonuniy ravishda spirtni qayta ishlash sexi tashkil etib, iste’molga yaroqsiz bo‘lgan spirtli ichimlik tayyorlash bilan shug‘ullanib kelayotgani aniqlangan.

Tadbir davomida, uning xonadonidan ashyoviy dalil sifatida 2 turdagi 16 dona qo‘lbola usulda tayyorlangan aroq, 540 dona aroq selofan g‘iloflari, 525 dona aroq qopqoqlari, 3 dona shisha idishlarda 30 litr spirt, 40 dona konyak, 1850 litr har xil idishlarda saqlanayotgan vino, 42 dona har xil turdagi bo‘sh aroq shishalari va alkogol mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan qo‘lbola uskuna hamda yordamchi idishlar tegishli tartibda protsessual hujjatlashtirildi.

Shuningdek, Departament va IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazgan navbatdagi tadbir jarayonida, Narpay tumanida yashovchi J.A. va S.S.larning yashash xonadonlarida qo‘lbola usulda tayyorlanib, sotishga mo‘ljallangan 0,5 litr hajmdagi 100 blok “Stolichnaya” (1500 dona) va 0,45 litr hajmdagi 150 blok “Parlament” nomli (3600 dona), jami 5100 dona aroq mahsulotlarini saqlab kelinayotganligi aniqlangan. Mahsulot va ashyolar tegishli tartibda rasmiylashtirilgan.

Ayni paytda ushbu shaxslarga nisbatan, Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.