Joriy yil Samarqandga kelayotgan xorijlik sayyohlar sonini 5 million, mahalliy sayyohlar sonini esa 7,5 million nafarga yetkazish kutilmoqda
Buning uchun investitsiya dasturi doirasida qiymati 2 trillion 63 milliard 290 million so‘mlik 30 ta loyiha amalga oshiriladi.
Shuningdek, 10 ta mehmonxona, 15 ta ovqatlanish va dam olish maskani, 3 ta savdo va ko‘ngilochar markaz, 2 ta sanatoriy va sog‘lomlashtirish markazi ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Hozirgi kunda Samarqand xalqaro aeroportida haftasiga 141 ta aviareys amalga oshirilmoqda. Ushbu aeroport 2024 yilda 1 million 200 nafar kishiga xizmat ko‘rsatgan. Aslida uning quvvati 8 million 600 nafar fuqaroga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan bo‘lib, joriy yil Xitoy, Eron, Rossiya va boshqa xorijiy davlatlarga yana 10 ta aviareys yo‘lga quyilishi ko‘zda tutilgan.
Konigil va Tersak mahallalari tajribasi asosida tumanlardagi 14 ta hududga “turizm qishlog‘i” maqomini berish rejalashtirilgan. Bu mahallalarda 309 ta mehmon uylari, xostel, kemping, o‘tov nuqtalari, 138 ta ovqatlanish maskanlari, 60 ta savdo nuqtalari, zamonaviy turistik xizmatlar (havo sharlari, paraplan, osma dor yo‘li va boshqalar) yaratiladi. Natijada 1520 ta yangi ish o‘rni yaratilib, 13,2 milliard so‘m qo‘shimcha soliq tushumi ta’minlanadi.
Misol uchun, Urgutning Chor chinor va Omonqo‘ton, Nurobodning Oqsoy va Nurbuloq mahallalarida sayyohlikning turli yo‘nalishlarini rivojlantirish imkoniyatlari bor. Hozirgi kunda bu mahallalarda 50 dan ortiq uy-mehmonxona tashkil etilgan, mavsumda 60 mingdan ortiq turist tashrif buyuradi.
Ayni paytda viloyatda eng yirik mehmonxonalar 192 ta, joylashtirish vositalari 683 tani tashkil etadi. Bu esa kuniga 21,5 ming nafar sayyohni qabul qilish imkonini beradi. Jumladan, birgina Samarqand xalqaro turizm markazida shu yil davomida 10 dan ziyod xalqaro tadbirlar o‘tkaziladi.
Xususan, shu yilning oktyabr-noyabr oylarida ilk bor Parijdan boshqa shaharda, ya’ni Samarqandda YuNESKO Bosh assambleyasining 43-sessiyasi o‘tkaziladi. Unda 198 davlat vakillari, soha mutaxassislari qatnashadi. Hozirda ushbu sammitga tayyorgarlik ko‘rish ishlari doirasida xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari, jumladan, gid-tarjimonlar, ekskursiya yetakchilari va yo‘riqchi-yo‘l boshlovchilar malakasi oshirilmoqda.
Bundan tashqari, hududlarda ham turizm infratuzilmasini yaxshilash maqsadida yangi loyihalar amalga oshiriladi. Davlatimiz rahbarining 2024 yil 29 noyabrdagi “Samarqand viloyatida investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ham hududda turizmni rivojlantirish bilan bog‘liq bir qator vazifalar belgilangan.
Jumladan, viloyatdagi suv inshootlari va ular atrofidan samarali foydalanish maqsadida Urgut, Toyloq, Samarqand, Past Darg‘om tumanlari va Samarqand shahri hududidan o‘tgan Darg‘om kanali bo‘yida 35,7 kilometr masofada ko‘ngilochar savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yektlaridan iborat turistik marshrut tashkil etiladi.
Kanallarda ko‘p funksiyali ko‘priklar qurilib, bu ob’yektlardan xorijdagi singari savdo va ko‘ngilochar maskanlar sifatida foydalaniladi. Joriy yilda Narpay kanalining Kattaqo‘rg‘on shahri hududidan o‘tgan qismida tashabbuskor investor mablag‘lari hisobidan gastronomik ko‘prik majmuasini qurish rejalashtirilgan. Gastronomik ko‘prik tunu kun faoliyat ko‘rsatadi va unda yengil konstruksiyali savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish ob’yektlari tashkil etiladi.
2025-2026 yillarda Urgut tumanining Chor chinor tog‘li hududida qiymati 25 million dollar bo‘lgan zamonaviy dor yo‘li va turizm majmuasi quriladi. Shu bilan birga, Urgut tumanining Omonqo‘ton va Qoratepa mahallalarida 50 gektar hamda Samarqand tumanining Ohalik, Oqbo‘yro va Mironko‘l mahallalarida 350 gektarda yirik turizm loyihalari amalga oshiriladi.
Turizm sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, yangi loyihalar, muammo va kamchiliklarni muhokama qilish maqsadida kengash tashkil etilgan. Unda viloyat hokimi boshchiligida tizimda faoliyat olib borayotgan 55 nafar tadbirkor va tashkilot rahbarlari tizimda amalga oshirilayotgan ishlarni monitoring qilib bormoqda.
Rustam Qobilov, viloyat hokimining o‘rinbosari.