JSST: Dunyoda elektron sigareta chekuvchi o‘smirlar soni kattalarga nisbatan ko‘p
Mutaxassislar 2050 yilgacha sayyoramizda chekish tufayli 450 million odam hayotdan ko‘z yumishi mumkinligini prognoz qilmoqda, deya xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
Xavotirlanish uchun yetarli asoslar bor. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining yaqinda bergan hisoboti bunga yanada oydinlik kiritdi.
Unda qayd etilishicha, dunyo bo‘yicha 13-15 yoshli bolalar elektron sigaretlardan kattalarga nisbatan ko‘proq foydalanmoqda. Masalan, Kanadada 2017 yildan 2022 yilgacha 16-19 yoshli o‘smirlar o‘rtasida bu turdagi mahsulotni chekish ikki baravar ko‘paygan. Angliyada esa so‘nggi uch yil ichida elektron sigareta iste’mol qiluvchi yoshlar soni uch barobar oshgan.
Qolaversa, o‘tkazilgan tadqiqotlar orqali elektron sigaretadan foydalanuvchi yigit-qizlarning keyinchalik oddiy sigareta chekishga odatlanish ehtimoli deyarli uch barobar yuqoriligi aniqlangan.
Xo‘sh, nega bu illat ko‘lami ortmoqda?
Ekspertlar fikricha, asosiy muammo bir-biridan jozibador reklamalar ko‘payib, qonuniy cheklovlar tobora susayib borayotganida. Misol uchun, hozir ijtimoiy tarmoqlar orqali elektron sigaretalarning 16 mingdan ortiq ta’mga ega turlari taklif qilinmoqda. Hatto ba’zi ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlari xaridorgirligini oshirish uchun mashhur multfilmlar qahramonlaridan foydalanishgacha boryapti.
Yana bir og‘riqli nuqta: bugungi kunda atigi 34 davlatda elektron sigaretalar sotuvi taqiqlagan, xolos. Biroq jahonning 88 mamlakatida bunday mahsulotlarni sotish uchun minimal yosh chegarasi belgilanmagan. 74 davlatda esa bu borada umuman qoidalar mavjud emas.
Bizning mamlakatimiz qonunchiligiga ko‘ra, tarkibida jozibadorlikni oshirishga qaratilgan moddalar (aromatizatorlar, bo‘yoqlar, oziq-ovqat mahsulotlari) bo‘lgan elektron sigaretalar, ular uchun nikotin va nikotinsiz suyuqliklarni O‘zbekiston hududiga olib kirish va sotish taqiqlanadi.
Elektron sigareta (veyp) chekish odatiy tamaki mahsulotlari kabi o‘pka, yurak qon-tomir, asab tizimi kasalliklarini keltirib chiqaradi.
Bir qator metallar, shu jumladan qo‘rg‘oshin, xrom va nikel, shuningdek, ba’zi elektron sigaretalar aerozollarida formaldegid miqdori oddiy sigaretalardagiga teng yoki undan ham yuqori.
Shundan kelib chiqib, JSST hukumatlarni voyaga yetmaganlar o‘rtasida elektron sigareta iste’molini cheklash va yosh avlodni nikotinga qaramlikdan asrash bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rishga chaqirdi.