Jurnalist yaratgan bog‘

Har bir insonning hayo­ti o‘qilmagan kitobga o‘xshaydi. Uni varaqlab ko‘z tashlasangiz, umrining har lahzasini ardoqlagan inson hayoti hikmatga to‘la ekanini his etasiz. Bunday inson faqat majburiyat ostida vazifa bajaruvchi kishi emas, balki o‘z burchini sidqidildan ado etishi barobarida bosh­qalarga ham manfaat yetkazadigan odamdir.

Chinakam insonning hayot faoliyatidan nafaqat o‘z zamondoshlari yoki kelajak avlod, shu qatorda borliqdagi boshqa mavjudotlar ham bahramand bo‘la oladi. U qo‘li tekkan joyni gulzorga, bog‘u bo‘stonga aylantiradi. Tiriklik bog‘iga birgina nihol qadagan kishi yerni obod qilishga o‘z munosib hissasini qo‘shgan sanaladi.

Tabarruk yetmish besh yoshni qarshilayotgan faxriy jurnalist Norbobo Shakarovning umr yo‘li, bizningcha, to‘liq ibratga yo‘g‘rilgan.

Mamlakatimizning yetakchi matbuot nashrlari – «Xalq so‘zi», «O‘zbekiston ovozi», «Qishloq hayoti», «Jamiyat» gazetalarida faoliyat yuritgan otaxon jurnalist dolzarb mavzulardagi chuqur tahliliy-tanqidiy chiqishlari va zabardast maqolalari bilan ko‘pchilikning olqishiga sazavor bo‘ldi. Uzoq yillar davomida xalqning yelkasida yuk bo‘lib turgan muammolarni matbuotga olib chiqib, yechim topilishida jonbozlik ko‘rsatdi. Mahoratli jurnalist sifatida xalqqa aytar so‘zini o‘tkir qalami vositasida yetkazib keldi.

Ustoz jurnalist – Norbobo ota yetmish besh yoshni qarshiladi. Ustozning hozirgi g‘ayrat-shijoatini ko‘rganda beixtiyor «jurnalist qarimas ekan», degan gap xayoldan o‘tadi. Norbobo ota ulug‘ yoshga yetgan bo‘lsa-da, hozir ham qo‘lidan qalami tushgani yo‘q. Goh «Hurriyat»da, goh «Zarafshon»da, goho internet nashrlarda maqolalari chiqib turibdi.

Lekin bular biz ayt­moqchi bo‘lgan gaplarning hammasi emas. Otaxon jurnalistning boshqalarga ibrat bo‘ladigan yana bir jihati borki, bunga tasanno demaslikning iloji yo‘q.

Norbobo ota keyingi yetti yil mobaynida o‘zi tug‘ilib o‘sgan Qo‘shrabot tumanidagi Boylito‘p qishlog‘ida shunday go‘zal bog‘ yaratdiki, manaman degan bog‘bonlar ham qoyil qoladi, desak mubolag‘a emas. Faxriy jurnalist yaratgan bog‘da 200 tup olma, 200 tup tok, 1000 tup terak, o‘rik, gilos, behi, anor, shaftoli, hatto igna bargli daraxtlaru o‘zimizning sadaqayrag‘och ham bor. Bu yil mevali daraxt va toklar shig‘il hosilga kirdi.

Zabardast jurnalist Norbobo Shakarov bugun mamlakatimizda davom etayotgan «Yashil makon» umummilliy loyihasi juda muhim va dolzarb zarurat ekanini chuqur his qilgan insonlardan. Bu kabi loyihalar og‘zaki da’vatlar bilan birga fidoyi insonlarning xalqqa namuna bo‘luvchi amaliy harakatlari bilan yuzaga kelishini faxriy jurnalist teran mulohaza qilgan.

U yaratgan chiroyli bog‘ oqar suvsiz, ilgari adir bo‘lib yotgan lalmi yerda, quduq suvi bilan bunyod etilganini chinakam jasorat deyish mumkin. Binobarin, fidokorona mehnat e’tiborsiz qolmaydi. Qishloq xo‘jaligi xodimlari kunida O‘zbekiston fermer, dehqon va tomorqa yer egalari Kengashi O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zosi Norbobo Shakarovni «Namunali tomorqachi» ko‘k­rak nishoni va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirladi. Yetmish besh yoshli otaxon jurnalist nafaqat ijodda, bog‘bonlikda ham mana shunday ibrat ko‘rsata oldi.

Darvoqe, bog‘ yaratish ham ijod aslida!

Orifjon Jumanov.