Jurnalistikaga oid qo‘llanma yaratildi. Endi «Jurnalistika professori» ilmiy unvoni ta’sis etiladimi?
Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida jurnalistika sohasiga oid 10 jildlik qo‘llanmaning taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Agentlik rahbariyati, senatorlar, professor-o‘qituvchilar, talabalar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Qayd etish kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tegishli topshirig‘i bilan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi zimmasiga jurnalistlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish nuqtai nazaridan kelib chiqib, ular uchun xalqaro tajribani o‘rgangan holda, nazariyotchi olimlar hamda amaliyotchilarning tajribalari asosida jurnalistika sohasiga oid qo‘llanma tayyorlab, chop etish vazifasi yuklangan edi. Bugunga kelib mazkur qo‘llanma kitobxonlar hukmiga havola etildi.
— Mazkur qo‘llanmani tayyorlash ishlari besh oy oldin boshlangan edi, — dedi Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Dilshod Saidjanov. — O‘sha paytda rahbarimiz Komil Allamjonov hamda direktor o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva ushbu masalaga katta e’tibor qaratib, qo‘llab-quvvatlagan edi. Deyarli har hafta nashriyot rahbarlari, qo‘llanma uchun mas’ul shaxslarga uni sifatli qilib tayyorlash yuzasidan topshiriqlar berildi. Mana, qisqa vaqt ichida katta mehnat evaziga 10 jildlik qo‘llanma tayyor bo‘ldi.
Qo‘llanmaning har bir jildi, ulardagi boblar, mavzularni aniqlash maqsadida oliy ta’lim muassasalari vakillari bilan bir qatorda Jurnalistlar malakasini oshirishi markazi, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston milliy axborot agentligi, O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, “Dunyo” axborot agentligi vakillari, taniqli ijodkorlardan iborat tarkibda ishchi guruh tuzildi. Bir necha bor maslahat yig‘ilishlari o‘tkazildi. Har bir jild bo‘yicha mas’ul muharrirlar tanlab olindi va ularning tavsiyalari asosida mualliflar tarkibi shakllantirildi. Qo‘llanma oliy ta’lim muassasalaridagi ta’lim jarayonida foydalanish bilan bir qatorda, “Jurnalistning shaxsiy kutubxonasi” sifatida har bir tahririyatda, jurnalistlarning shaxsiy kitob javonlaridan o‘rin olishga arziydigan adabiyotlar sifatida tayyorlandi.
Qo‘llanmaning har bir jildi “Jurnalistika nazariyasi, tarixi va taraqqiyoti”, “Jurnalistika huquqi va etikasi”, “Medialingvistika va tahrir”, “Media-marketing va menejment”, “Bosma ommaviy axborot vositalarida janrlar va mahorat masalalari”, “Audiovizual jurnalistika”, “Onlayn jurnalistika va mediada yangi trendlar”, “Zamonaviy media muhitda PR-xizmatlar”, “Ixtisoslashgan jurnalistika”, “Jurnalistika sotsiologiyasi va psixologiyasi” 1000 nusxada nashrdan chiqarildi.
— Ochig‘ini aytganda, shu paytga qadar jurnalistika sohasiga oid maqtashga arzigulik qo‘llanma yo‘q edi, — dedi taniqli jurnalist, Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mahmudjon Parpiyev. — Nashr etilgan mazkur qo‘llanma mavjud bo‘shliqni to‘ldirdi, deyish mumkin. Bu nafaqat bo‘lg‘usi jurnalistlar uchun, balki bugun sohada mehnat qilayotgan ijodkorlar uchun ham muhim manba bo‘ladi. Bu ishga bosh qo‘shgan Agentlik rahbarlari va “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi jamoasiga, qo‘llanma mualliflari — ustoz jurnalistlar, professor-o‘qituvchilarga minnatdorlik bildiraman.
Tadbirda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi vakillari, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti o‘qituvchilari so‘zga chiqib, mazkur qo‘llanmaning chop etilishi soha rivoji uchun yangi qadam bo‘lganini qayd etishdi.
— Ushbu kitobning chop etilishi xuddi Alisher Navoiyning «Farhod va Shirin» dostonida tog‘ni teshib suv ochgandek xayrli ish bo‘ldi, — dedi “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev. — Agentlik, nashriyot va qo‘llanmalar mualliflari ilm bulog‘iga yo‘l ochdi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu ish nihoyatda ulkan ilmiy izlanishlar natijasidir. Shuning uchun O‘zbekistonda ham «jurnalistika professori», degan ilmiy unvon ta’sis etilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Taqdimotda jurnalistika bo‘yicha ta’lim olayotgan talabalar ham so‘zga chiqib, mazkur qo‘llanmaning ahamiyati katta ekani hamda bugungi davr jurnalistikasi uchun suv va havodek zarur ekanini ta’kidladilar.
Jurnalistlarning savollariga mutaxassislardan javob olindi.