Jurnalistlar o‘rtasida aql gimnastikasi bellashuvi g‘oliblari aniqlandi

Bugun viloyat Matbuot uyida viloyatdagi OAV vakillari o‘rtasida sportning shaxmat hamda shashka turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazildi.
27 iyun - Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan o‘tkazilgan musobaqada 40 nafardan ziyod ishtirokchi murosasiz bahs olib bordi.
Musobaqalar natijasiga ko‘ra, shaxmat bo‘yicha “Ovozi Samarqand” gazetasi muxbiri Zohir Hasanzoda g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Shashka bo‘yicha o‘tgan bahsda erkaklar o‘rtasida viloyat televideniyasi muxbiri Abdusamad Ibragimov, ayollar o‘rtasida “Zarafshon” gazetasi muxbiri Xurshida Ernazarova birinchi o‘rinni egalladi.
Bellashuvlarda shaxmat bo‘yicha 16 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida Butunjahon olimpiada kumush medali sovrindori Ali Qosimov shaxmat seansi o‘tkazdi.
22 yoshli shaxmatchi FIDE reytingiga ko‘ra, standart yo‘nalishida 2206, rapid yo‘nalishida 2090, blitsda 2114 ko‘rsatkichga ega va FIDE masteri. Shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston chempioni, xalqaro turnirlar g‘olibi va sovrindori bo‘lgan.