Kambag‘al viloyatdan boy bo‘lib ketish siri yoki korrupsiya tarixi haqida bilasizmi?

Korrupsiya insoniyat jamiyati tarixi bilan uzviy davom etib, taraqqiyotga to‘sqinlik qilib kelgan. Buni quyidagi misollar yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Ibtidoiy va ilk sinfiy jamiyatlarda kohinga, qabila oqsoqoliga yoki harbiy boshliqqa muayyan imtiyozni qo‘lga kiritish uchun haq to‘lash tabiiy hol sifatida qaralgan. Davlat apparatining murakkablashuvi va takomillashuviga qarab vaziyat ham o‘zgarib borgan.
Korrupsiya haqidagi eng ko‘hna qaydlardan biriga qadimgi Bobilning mixxatda yozilgan bitiklarida duch kelingan. Miloddan avvalgi uchinchi ming yillikning o‘rtalariga taalluqli bo‘lgan matnlarda yozilishicha, Shumer podshosi Urukagin o‘sha zamonlardayoq qonunga xilof haq olishga ruju qo‘ygan sudyalar va amaldorlarning qonunbuzarligiga chek qo‘yish muammosini yechish yo‘llarini izlagan.
Shunga o‘xshash masalalarga qadimgi Misr hukmdorlari ham duch kelgan. Arxeologik tadqiqotlar jarayonida topilgan hujjatlar miloddan avvalgi 597-538 yillarda Iyerusalimda korrupsiya ayniqsa avj olganidan dalolat beradi.
Professional davlat amaldorlari hali mavjud bo‘lmagan antik jamiyatlar tarixining ilk bosqichlarida korrupsiya deyarli bo‘lmagan. Bu hodisa antik davr tanazzulga yuz tutgan bosqichdagina vujudga kelgan. Bu davrda korrupsiya domiga ilingan davlat amaldorlari haqida: “U boy viloyatga kambag‘al bo‘lib kelib, kambag‘al viloyatdan boy bo‘lib ketdi”, deyishgan. Ayni shu davrda Rim huquqida "corrumpire" degan maxsus atama paydo bo‘lgan, u “buzish”, “pora evaziga og‘dirish” iboralarining sinonimi hisoblangan va mansab mavqeini suiiste’mol qilishning har qanday ko‘rinishlarini ifodalagan.
Markaziy hukumat zaif bo‘lgan joylarda (masalan, ilk o‘rta asr davrida Yevropada) xizmat mavqeidan o‘z cho‘ntagiga haq undirish uchun foydalanish aksariyat hollarda umume’tirof etilgan me’yorga aylangan. Korrupsiya domiga ilingan amaldorlarni boshqalarga dars bo‘lsin uchun olomon ko‘z o‘ngida jazolash odatda hech qanday samara bermagan. Chunki amaldan chetlatilganlar (lavozimidan olinganlar yoki qatl etilganlar) o‘rnini yangi poraxo‘rlar egallagan. Markaziy hokimiyat amaldorlar faoliyati ustidan yalpi nazorat o‘rnatish uchun odatda zarur kuch va vositalarga ega bo‘lmagani bois, u korrupsiyaning o‘ta xavfli ko‘rinishlarinigina jazolash bilan kifoyalangan.
O‘rta asrlarda O‘zbekiston hududida joylashgan davlatlarda qabul qilingan huquq me’yorlari zamirida islom madaniyati prinsiplari yotuvchi qonunchilik an’analari bilan belgilangan. Xususan, Amir Temur davlatida amaldorlar ishini tartibga solish maqsadida vaqti-vaqti bilan so‘roq, tekshirish, taftish, tergov o‘tkazib turilgan. O‘z amalini suiiste’mol qilish, poraxo‘rlik, doimiy ravishda ichkilik ichish, maishiy buzuqlik kabi qilmishlar og‘ir gunoh hisoblangan va qattiq jazolangan. Manbalarda keltirilishicha, Amir Temurning o‘g‘li Mironshoh, nevaralari Pirmuhammad va Xalil Sultonlar yuqorida zikr etilgan me’yorlarni buzganlik uchun xalq oldida jazoga tortilgan.
O‘sha davrda hozirgi talqindagi korrupsiya uchun javobgarlik nazarda tutilmagan. Shunga qaramay, O‘zbekiston Rossiya tomonidan istilo qilingan davrgacha korrupsiya qonuniylashtirilgan institutsional shakllarda namoyon bo‘lgan. Xususan, hukmron davralarning vakillariga u yoki bu tarzda haq berish feodal majburiyat xususiyatini kasb etgan. Masalan, oddiy dehqonlardan xonlar, sultonlar, biylar va zodagonlarning boshqa vakillari foydasiga muntazam ravishda “ushur” solig‘i – hosilning o‘ndan bir qismi undirilgan.
Rus mustamlakachilari hukm surgan davrda Turkiston hududida korrupsiya ayniqsa kuchaygan. Bu jinoyatning keyingi davrlarda yangi bosqichlarga ko‘tarilishi uning yashovchanligidan dalolatdir.
Jahongir Mardonov,
Samarqand viloyati monopoliyaga qarshi kurashish boshqarmasi bosh yuriskonsulti.