Kambag‘allik ayb emas, ammo...

Yaqinda Samarqand shahrining Qorasuv massividan viloyat hokimligi tomonidan 40 ta og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan, kam ta’minlagan oilaga tasarruf etish huquqisiz, bepul uylar berildi. Tasodifan mana shunday ikkita oila bilan tanishdim.

Birinchi oilada er-xotin, uch bolasi bilan yashaydi. Erning muntazam ichib, xotinini kaltaklashidan ayol oylab shifoxonada yotgan, bolalar Mehribonlik uylariga topshirilgan vaqtlar ham bo‘lgan.

- Hozir ham erim ichib keladi, hech qayerda ishlamaydi, - dedi ayol. - O‘zim farroshlik qilib, bolalarimni boqaman.

Ayolning aytishiga qaraganda,  uning turmush o‘rtog‘i xohlasa uyiga keladi, xohlamasa yo‘q.

Ikkinchi oilada er-xotin ikki qizi bilan istiqomat qiladi. Qizlarning biri tug‘ma yurak nuqsoni bilan tug‘ilgan. Bunga ham erning muntazam ichib kelib, homilador xotinini do‘pposlashi sabab bo‘lgan.

- O‘n yetti yil kasal bola bilan ijarama-ijara yashadim, - dedi ayol. - Qizimni davolatishga pul topolmay rosa qiynaldim. Muntazam ishlay desam, bolam kasal. Shuning uchun kunlik ishlar topib, bir amallab ro‘zg‘or tebratib kelyapman. Erim ilgari mardikor bozoriga chiqib, bir-ikki so‘m topib kelardi. Endi shu kasbini ham yig‘ishtirgan. Buning ustiga ichib kelib janjal qiladi.

Ikkinchi ayolning eri ham ichkilikka berilgan, hech qayerda ishlamaydi. Ro‘zg‘or tashvishlarini ayollarning o‘zi amal-taqal qilib kelmoqda.

Aslida yuqoridagi oilalar o‘z-o‘zidan kambag‘al bo‘lib qolmagan. Oilaning suyanchig‘i oila boqish mas’uliyatini his qilmaydi. Men ham uy-joy qilay, bolalarimni boqib, o‘qitay, demaydi. Buning ustiga kunda kunora bo‘ladigan janjallar tufayli ro‘zg‘orda baraka yo‘q.

To‘g‘ri, kambag‘allik ayb emas, ammo oilada sog‘lom erkak bo‘la turib, kambag‘alman, deyish ayb.

Mana shundaylarga Anvar ismli kursdoshimni faxr bilan misol keltiraman. U tug‘ma ko‘zi ojiz yigit. Anvar nafaqa puliga qarab uyda o‘tirmaydi. Davlat tashkilotida ishlaydi, buning ustiga kompyuterda ishlashni ham biladi. Uning yutuqlarini sanasam ishonmaysiz, ammo hamma narsaga o‘z harakati bilan erishgan. O‘zi istiqomat qiladigan uch xonali uyini ham halol mehnatiga sotib olgan. Uch qizning otasi. Ba’zi sog‘lom erkaklarning ro‘zg‘oridan ancha yaxshi yashaydi.

Muhojirlikda juda ko‘p yolg‘iz ayollarni uchratdim. Ular ayol bo‘lsa-da, davlatdan yordam kutmay, musofirlikda mehnat qilib, uy qurmoqda, farzandlarini birovdan kam qilmaslikka urinmoqda. Aslida, davlat bus-butun oilaga emas, avvalo, yolg‘iz onalarga yordam berishi kerak emasmi? Yolg‘iz ayollarning ko‘pchiligi hatto davlatdan yordam so‘rashdan uyaladi. Ammo, nega erkaklar bundan or qilmay qo‘ydi?

Bugun ba’zi erkaklarda oriyat, hamiyat yo‘qolgan. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda kam ta’minlangan oilaga berilgan beg‘araz oziq-ovqatni taroziga tortib olayotgan erkakning video tasviri omma ichida keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Hech kim bu erkakning noshukurligini yoqlamadi, aksincha, erkak bo‘lsang o‘zing ishlab top, deyishdi.

Savol tug‘iladi: boqimandalik kasalligi qayerdan paydo bo‘lyapti? Nahotki, uyalmasdan davlat meni boqishi kerak, deb o‘tiradigan erkaklar bor?

Gapning indallosini aytganda, haqiqiy inson, avvalo, men oilam, bolalarim, ona Vatanim uchun nima qildim, degan savolni o‘ziga berishi kerak. Na oilasiga, na jamiyatga zarracha foydasi tegmay yashashdan Allohning o‘zi asrasin.

Xurshida ERNAZAROVA.