Kambag‘allikni qisqartirishda Xitoy tajribasidan foydalaniladi
Mamlakatimizga tashrif buyurgan Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri o‘rinbosari Xu Chunxua boshchiligidagi delegatsiya bugun Samarqandga keldi.
Viloyat hokimligida o‘tkazilgan uchrashuvda O‘zbekiston va Xitoy Xalq Respublikasi mintaqalari o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov Xitoy bilan aloqalar uzoq tarixga borib taqalishi va keyingi yillarda hamkorlik ko‘lami yanada kengayayotganini ta’kidladi. Qadimiy Afrosiyob shahri devoriy suratlaridagi qabul marosimida Chin o‘lkasi elchilari tasviri tushirilgani, XIX asrda Samarqandda Xitoy banki tashkil etilgani hamda bundan to‘rt yil oldin qadimiy va navqiron kentda Konfutsiy bog‘i bunyod etilgani bunga yorqin misol bo‘lishini qayd etdi.
Shuningdek, E.Turdimov Xitoy Xalq Respublikasida iqtisodiy islohotlar, shu jumladan kambag‘allikni qisqartirish borasidagi ishlar yuksak samara berganini ta’kidladi. Janob Xu Chunxuaning Xitoydagi faoliyati aholi o‘rtasida kambag‘allikni qisqartirishga bevosita bog‘liq ekanligiga e’tibor qaratgan viloyat hokimi o‘zaro do‘stlik va hamkorlik aloqalarini rivojlantirishdan manfaatdor ekanligini bildirdi. Shuningdek, bugun mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish borasida olib borilayotgan islohotlar jarayonida Xitoy tajribasini Samarqanddagi mahallalarda sinov tariqasida qo‘llash bo‘yicha taklif bildirdi.
O‘z navbatida samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirgan janob Xu Chunxua mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik yuqori sur’atlarda rivojlanib borayotganligini qayd etdi. Toshkentda Bosh vazir va tegishli vazirliklar mutasaddilari bilan uchrashuvlarda turli sohalar bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan kelishuvlarga erishilgani, Samarqand bilan ham aloqalarni rivojlantirish qo‘llab-quvvatlanishini ma’lum qildi. Kambag‘allikni qisqartirish borasidagi taklifni mamnuniyat bilan qabul qilganligini ma’lum qilib, tegishli soha mutasaddilari bilan o‘zaro maslahatlashgan holda amaliy takliflarni yetkazishini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish va do‘stlik aloqlarini mustahkamlash borasida bildirilgan takliflarni batafsil muhokama qilib, istiqbolli yo‘nalishlarni belgilab olishdi.