Kamroq yolg‘on gapiraylik... Quruq nasihatlar bekor!
O‘zbekiston xalq yozuvchisi, “Tafakkur” jurnali bosh muharriri Erkin A’ZAM bilan suhbat
– Erkin aka, bilaman, siz OAV va ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rinishni ko‘p ham xushlamaysiz. Ammo O‘zA muxbirining savollarini javobsiz qoldirmasligingizga ishonaman. Harholda, bir vaqtlar shu dargohda bosh direktorning birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagansiz.
Qariyalarning tili bilan aytganda, yil og‘ir keldi, yo‘qotishlar ham shunga yarasha ko‘p bo‘ldi. “Tojsimon virus” deb nomlaganimiz ofat insoniyatga ulkan ziyon-zahmat keltirdi. Yaxshining bir yomoni, yomonning bir yaxshisi bo‘lganidek, pandemiya davri ham insonlarga durustgina saboq berdi, ibrat-xulosalar chiqarish uchun imkon yaratdi, nazarimda...
– Xotinlarning qarg‘ishiga o‘xshash gap kelyapti tilga: “Bergan sabog‘i qursin!”.
Endi odamzodning ko‘zi ochildi, odam bolasi endi tavba qiladi, deb ishonayotgan bo‘lsangiz, meni shu safga qo‘shmaganingiz ma’qul. Bandasi tarixda bu kabi balolarga ko‘p bora duch kelgan. Agar shulardan oqilona xulosalar chiqarganida bugungi qavmning insoniy qiyofasi butunlay o‘zgacha bo‘lardi!
To‘g‘ri, niqob taqishni o‘rgandik, to‘g‘ri, jon shirinligini anglab yetgandek bo‘ldik. Ammo uyda o‘tiraverib biqiqlashdik ham, bir-birimizdan begonalashdik ham. Eng yomoni – o‘lim hodisasiga ko‘nikkanimiz, uning kundalik holga aylanib qolgani. Jon vahmida janoza tugul ta’ziyaga borishdan ham qo‘rqamiz bugun. Mayli, azbaroyi ehtiyot, azbaroyi majburlikdan deylik. Lekin insoniy qadriyatlarga zarba, xudbinlashuv sari keng ochilgan darvoza ham bo‘ldi-da bu!
Shirinlikka o‘rgangan bola, nima taqiq qo‘ymang, baribir hidini oladi. Boshimizdan o‘tgan-da, bilamiz. Qarang, ma’rifatli, mutaraqqiy Yevropasi tibbiy-ijtimoiy cheklovlarga qarshi qandoq g‘alayonlar qilib yotibdi. Ularning hayotchanligini olqishlamoq, shaxsiy erkinlik talabiga havas qilmoq mumkindir. Biroq bu vasvasalarning asosi farog‘atga odatlangan erka ko‘ngillarning anchayin tantiqligiga ham borib taqalmaydimi, nima deysiz?!
Yoki o‘zimizdagi ahvolni oling. Hukumatu ilg‘or jamoatchilik har qancha cheklovlar qo‘ymasin, insofga chaqirib tolmasin, shu tahlikali kunlarda to‘yu bazmlarimiz kamaydi, ixchamlashdi, deb o‘ylaysizmi? Televizoru rasmiy hisobotlarda kamaygandir, ammo ana, qishloqlarga chiqib ko‘ring-chi!..
Albatta, dunyoni tashvishga solgan bu baloi azim ijtimoiy-iqtisodiy jabhalarda bir talay yangiliklarni yuzaga keltirar, biroq insonning tabiatiga tubdan ta’sir ko‘rsatuvi mushkuldir-ov. Bu kabi vaziyatlarda yaxshi yanada yaxshilashadi, yomon esa battarlashadi desangiz, bu fikrni o‘ylab ko‘rsa bo‘lar.
Kaminaning shaxsiy xulosam: har qanday nazoratu cheklovlar o‘z yo‘liga, Xudoyim bandasining ko‘ngliga mo‘ralab, unga insof ato etmasa, bari bekor!
– Bugun dunyo qorishib ketdi. Madaniyatlar, qadriyatlar, urf-odatlar, boringki, G‘arbu Sharq ko‘z o‘ngimizda aralashib bormoqda. O‘zbekiston ham bundan mustasno emas. Turfa dunyoqarashlar, mafkuralar, “izm”lar jamiyatda yonma-yon yashayapti. Katta avlod yoshlarning “tarbiyasiz”ligidan nolisa, yoshlar ulug‘larning eski qoliplar, “dohiy”larga sajda qilish illatidan qutulolmaganidan yozg‘iradi. Milliy g‘oya, mustaqillik mafkurasi, deymiz. Biz kelgusida qay yo‘ldan borishimiz kerak? Yoshlarga kimni, nimalarni ibrat-namuna qilib ko‘rsatmog‘imiz lozim? Yozuvchi – “inson ruhining muhandisi” sifatida Sizning bu boradagi mulohazalaringiz o‘quvchilarimiz uchun qiziqarli deb o‘ylaymiz...
– Kelgusida qaysi yo‘ldan borishimizni bilganimda, birodar, bunday qog‘oz-qalam qilib o‘tirmasdim. Biror kattaroq amalning boshini tutib maydonga chiqardim... Haziliyam shu, chiniyam shu.
Menga o‘xshagan kamtarin bir qalamkashning fikri esa – oddiy insoniy yo‘ldan borish, vassalom!
Kamina bugungi yoshlarni “telefonchi avlod” deb atayman. Izohga hojat yo‘qdir? To‘g‘ri-da, ularning do‘sti ham, dushmani ham, kechirasiz-u, ota-onasi ham shu matoh – qo‘lidagi telefoncha bo‘lib qolgan. Buning nima oqibatlarga olib borishini bilgich olimlardan so‘raysiz. Men aytamanki, hozirgi yoshlar, deylik, bizning avloddan yaxshi ham emas, yomon ham emas. Ularning yaxshi bo‘lmog‘ini xohlasak, biz – kattalar o‘zimizning u yoq-bu yog‘imizga qarab olmog‘imiz darkor. Taassuflarki, ularda bizga nisbatan, kelajakka nisbatan ishonch kamaygandek, nazarimda. Qo‘limizdan kelsa, shuni tiklamog‘imiz, ularga namuna, ibrat bo‘lmog‘imiz kerak. Buning uchun esa kamroq yolg‘on gapiraylik, kamroq munofiqlik qilaylik, riyodan, rishvatdan hazar etaylik, sabr-qanoatli bo‘laylik... Quruq nasihatlar bekor!
O‘zimdan so‘rasangiz, shu “yomon” yoshlarga havas qilmoqdan o‘zga choram qolmagan.
– Bizning avlod siz tengqur adiblarning asarlarini o‘qib ulg‘aydi. Har bir hikoya, har bir qissangiz qachon yozilgani-yu, dastlab qayerda e’lon qilinganicha bilamiz. Talabalik yillarimiz, “Otoyining tug‘ilgan yili” qissangiz “Guliston”da peshma-pesh chop etilganida kursdoshlar bilan jurnalning har bir sonini intiqlik bilan kutib, qo‘lma-qo‘l qilib o‘qiganmiz. Bu gapni Tog‘ay Murod, Murod Muhammad Do‘st yoki elimizning boshqa taniqli adibu shoirlari ijodiga nisbatan ham bemalol ayta olaman. Biroq bugun hukumatimiz kitobxonlikni qancha targ‘ib-tashviq qilayotgan, rag‘batlantirayotgan bo‘lmasin, o‘sha davrdagi qaynoq ishtiyoqni ko‘rmayapman.
Hozirgi milliy adabiyot, xususan, nasrimizda kechayotgan ijodiy jarayonlarni qanday baholaysiz? O‘zingiz tengqur adiblar ijodi bilan taqqoslaganda qanday farq, tafovutni ko‘rasiz? Ko‘nglingiz to‘ladimi? Qay jihatlaridan ranjiysiz?
– Siz aytgan davrlarda adabiyot bilan san’atdan boshqa ovunchoq kam edi. Har alvon taqiqu cheklovlar bisyor bo‘lganiga qaramay, “ikki toshning orasida” ham ajab gulu chechaklar bitar, bo‘y cho‘zar edi. Bugun endi bozor, erkinlik, kechagi zug‘umu taqiqlar yo‘q; bozor, bilasiz, aldam-qaldamsiz, g‘irromliklarsiz bo‘lmaydi.
Kitob do‘konlariga kirib esa boshingiz aylanib ketadi: voy-bo‘, shuncha yozuvchimiz bormi, shuncha asar yozib tashlashdimi?! Kitob chiqarmagan odam qoldimikan o‘zi yurtda? Agar shular bari yozuvchi atalsa, shular bari adabiyot sanalsa, unda bizga o‘xshaganlar laylak haydab yurgan ekanmiz-da! To‘g‘ri, ajab-ajab iste’dodlar paydo bo‘ldi, ajab-ajab yangicha izlanishlar ko‘zga tashlanayotir, katta-katta kitoblar dunyoga kelayotirki, kamina ularni ta’riflab charchamayman.
Ayniqsa, keyingi vaqtlarda o‘qiganim Iqbol Mirzoning “Bonu” hamda Olim Toshboyevning “Ultontoz” romanlarini mavzu va talqin jihatlaridan alohida ajratib ko‘rsatish mumkin. Lekin nima desangiz deng, na hali siz tilga olgan Tog‘ay Murod, na Murod Muhammad Do‘st, na Xayriddin Sultonu Sharof Boshbekovning “panjasiga panja uradigani” yetishib chiqqanini shaxsan men bilmayman. Siz bilsangiz – ayting... Chinakam tabiiy dard yo‘q, voqelikka yangicha yondashuv, yangi ohang, yangi uslub sezilmaydi, aksari to‘mtoq tarjimani eslatadi, ko‘pso‘zlik, palapartishlik... Ko‘ngil qanday to‘lsin bulardan?!
– To‘g‘ri aytdingiz, bozor iqtisodiyoti qonun-qoidalari adabiyotga ham o‘z hukmini o‘tkazmoqda. Kitob do‘konlariga kirsangiz, yaxshisidan ko‘ra yomoni, aniqrog‘i, bozor talabiga ko‘ra yozilgan qoralamalar ko‘proq uchraydi. Bu ketishda adabiyotning kelajagi, yozuvchilarning taqdiri qanday bo‘ladi deb o‘ylaysiz? Ularning tirikchiligi, turmushi borasida nima deysiz?
– Bu savolga javobni hozirgina eshitdingiz. Kelajak o‘zingiz aytgan bozor shartlariga bog‘liq bo‘ladi. Badgumonu nigilist demasangiz, aytay: bu yog‘iga Tolstoy va Chexov, Qodiriy va Qahhorlar adabiyotini kutib xomtama bo‘lmang! Azaliy mohiyatini saqlagan holda jahon adabiyoti bugun yangi So‘z, yangi shakl izlash bilan ovora. U qanday So‘z bo‘ladi, qanday shakl? Bilmayman, aytolmayman. Bilganimda yozib ko‘rsatardim, attang...
Yozuvchi mardum bugun huv bir zamonlardagidek kitob yozib tirikchilik qilolmaydi. Sababini bilasiz: uch-to‘rt yillik umrini, iste’dodini sarflab asar yozadi. Endi uni kitob qilib chiqarish uchun mablag‘, homiy darkor. Bir amallab muddaosiga yetgach esa, nashriyot uning qo‘liga ellik-oltmish dona kitob tutqazadi, u borib yor-do‘stiga ulashadi. Shu, xolos. G‘irt anoyi bir devonaning ishi emasmi bu, ayting?
“Devona”miz bugun tayin bir yumushning boshini tutmasa, ko‘chada qolmog‘i muqarrar.
– Erkin aka, men sizni uzoq yillardan buyon bilaman. Doimiy suhbatdosh bo‘lmasam-da, orqavoratdan, sizni bilganlardan eshitib yuraman. El nazaridagi odamsiz. Deputat bo‘ldingiz, amallarga mindingiz, hozir ham amaldorsiz. O‘tgan yarim asr davomida qancha suvlar oqib ketdi, dunyo necha bor o‘zgardi, turlandi, tuslandi. Ammo Erkin A’zam o‘zgarmadi! Bir oz o‘jar, to‘g‘riso‘z, xushomad va zamonasozlikdan yiroq nozikfe’l qalamkash bo‘lib qolaverdi. Endi ulug‘ yoshga kirgan, hayotda yaxshi-yomonni, past-balandni ko‘rgan inson sifatida ayting-chi, bunday yashash qiyin emasmi?
– Ko‘rib turibsiz – bormiz, yuribmiz, shukr. Bo‘lar ekan. Bilgan-ku bilar, ammo shundan ham norozi, qiyiq qidiradiganlar topiladi. Nachora, sut o‘rniga suv emganlar deymiz-da ularni...
Amal degandek bo‘ldingizmi? Bir-ikki muddat deputat atalganimiz rost, lekin... Bosh muharrirlik katta amal deb o‘ylarkansiz-da, a? Bilsangiz, u qo‘lni cho‘ntakdan olmay, og‘iz bilan ish bajaradigan mansab emas – vazifa, odatdagi qora ish desayam bo‘ladi. Buni mansab atab kaminani ishontirolmaysiz – harqalay, bu borada tajribamiz yetarli. Baayni qasam bilan “boshini zo‘r ishga berib qo‘yib”, har yon chopib yuradigan bir halaki jon-ku! Bunda qo‘lni belga tirab, aql o‘rgatish bilan ish chiqmaydi. O‘xshatish joiz bo‘lsa, u maydonga tushib hamma qatori ter to‘kadigan trenerdek gap. Yaqin-yaqingacha bir jurnal, bir xil matnni goho uch-to‘rt bor qayta o‘qimoqqa to‘g‘ri kelardi. Xayriyat, endilikda yaxshi yordamchi hamkorlar qavatimizga kirib qolgan, baraka topishsin.
– Vazirlar Mahkamasining joriy yil 23 noyabrdagi farmoyishiga binoan ma’rifatparvar alloma va jamoat arbobi Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 145 yilligi, O‘zbekiston xalq artistlari Olim Xo‘jayev va Soyib Xo‘jayev tavalludining 110 yilligi, O‘zbekiston xalq yozuvchilari Said Ahmad, Asqad Muxtor hamda atoqli olimlar Sa’di Sirojiddinov va Ibrohim Hamroboyev tavalludining 100 yilligi, O‘zbekiston xalq shoiri Jumaniyoz Jabborov tavalludining 90 yilligi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayev tavalludining 80 yilligi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir Shavkat Rahmon, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zam hamda O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim tavalludining 70 yilligi mamlakatimiz miqyosida keng nishonlanadigan bo‘ldi.
Avvalo, Sizni qutlug‘ yubileyingiz bilan muborakbod etamiz. Iloyo, umringiz uzoq bo‘lsin! Suhbatimiz so‘nggida ushbu an’anaviy savolga ham javob bersangiz: hozir nima ishlar bilan bandsiz? Yangi yilda xalqimizga, o‘quvchilaringizga qanday tilaklar bildirasiz?
– Duo va tilaklaringiz uchun qulluq!
Qat’iy va’da yo‘g‘u, shu kunlarda bir niyat xayolda yuribdi. Nomini aytsam – “Uyda o‘tirganlar”. Janri – pesa, aniqrog‘i, mungli hangoma. Nima haqda bo‘ladi u? Boshdagi javobimda aytdim-ov.
Yangi yilga tilagim... Tezroq manovi baloni boshimizdan ko‘tarsin! U yog‘i o‘zimizga bog‘liq – nekbin, sobir xalqmiz.
Endi sizga ham bir savol: kamina bilan suhbat qurib pushaymon qilmadingizmi?
– Aksincha. Katta rahmat. Sizga mustahkam sog‘liq va hamisha yaxshi kayfiyat tilayman.
Abdujalol TAYPATOV
cuhbatlashdi.
O‘zA