Kamtar, ammo talabchan o‘qituvchi edi

Ustoz jamiyat binosining binokori, ongu tafakkur muhandislari va ma’rifat bog‘ining bog‘bonlaridir. Zahmatkash pedagog Bahriddin Muranov ana shunday insonlardan biri edi.
B.Muranov 1958 yil 22 yanvarda Oqdaryo tumani Dahbed qo‘rg‘onida tug‘ildi. Ishtixon tumanidagi 57-o‘rta maktabda o‘qidi. 1976-1980 yillarda Samarqand davlat pedagogika institutining «Umumtexnika fanlari va mehnat ta’limi bo‘limini imtiyozli diplom bilan tamomladi.
Dastlab ish faoliyatini Qo‘shrabot tumanidagi 4-o‘rta maktabda mehnat ta’limi o‘qituvchiligidan boshladi. So‘ng «2-maktablararo o‘quv ishlab chiqarish kombinati”da o‘quv tarbiyaviy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari vazifasida ishladi.
1983 yildan Samarqand davlat pedagogika institutida «Fizika va mehnat ta’limi metodikasi» kafedrasida muhandis-metodist, so‘ngra dekan o‘rinbosari vazifalarida faoliyat yuritdi.
Bilimga chanqoqligi bois 28 yoshida sobiq ittifoq pedagogika fanlari akademiyasida «Mehnat va kasb ta’limi» institutida ilmiy tadqiqotchi, 1988-1991 yillarda esa aspiranturada o‘qidi. Fizika sohasida yetuk mutaxassis bo‘lib yetishgan Bahriddin aka Samarqandga kelgach, SamDUning «Fizika va mehnat ta’limini o‘qitish metodikasi» kafedrasida ilmiy darajali katta o‘qituvchi, dotsent vazifalarida ishladi.
Mehnatdan ajralmagan holda Qori Niyoziy nomidagi O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot institutida doktoranturada o‘qigach, 1998-2000 yillarda o‘rta maxsus kasb hunar ta’limi markazi, o‘rta maxsus kasb hunar ta’limini rivojlantirish institutida bosh ilmiy xodim, so‘ngra bo‘lim boshlig‘i vazifalarida ishladi. So‘ng Qo‘shrabot biznes kollejida direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari, Samarqand qishloq xo‘jalik institutining pedagogika va psixologiya kafedrasida o‘rindoshlik vazifasida dotsent lavozimida ishladi.
B.Muranov 2000-2012 yilarda Samarqand viloyat xalq ta’limi pedagog xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida, 2012-2018 yillarda Samarqand davlat universitetida kafedra mudiri vazifasida ishladi.
U Samarqand pedagoglar malakasini oshirish va qayta tayyorlash institutining faxriy professori, 2006 yildan «Xalq ta’limi a’lochisi».
20 dan ziyod magistrlik dissertatsiyalariga rahbarlik qildi. Ixtisoslashgan kengashlar ilmiy seminari rahbari va kotibi vazifalarini bajargan.
2019 yil avgust oyidan umrining oxirigacha Ishtixon tumanidagi 91-umumtalim maktabida texnologiya fani o‘qituvchisi lavozimida ishladi.
B.Muranov respublikamiz oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlaridagi beshta ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha DTSlarining mualliflaridan biri, birinchi “Milliy dastur” loyihasini tayyorlovchi ishchi guruh a’zosi, 2 ta monografiya, 20 ta o‘quv qo‘llanma, 27 ta uslubiy qo‘llanma va tavsiyalar, 50 dan ortiq xorij va respublikamiz jurnallaridagi maqolalar muallifidir.
Yaxshilarning nomi hamisha abadiy, deydi xalqimiz. Bahriddin Muranov ham yaxshi ishlari bilan biz, shogirdlari va yaqinlari qalbida uzoq saqlanadi.
Sanoat Zohidova,
SamDU maktabgacha ta’lim, pedagogika-psixologiya kafedrasi mudiri,
Nasiba Nasimova,
kafedra o‘qituvchisi.