«Kanal yopilmaydi»: Ozodbek Nazarbekov “Madaniyat va ma’rifat” telekanali atrofidagi munozaralar ortidan bayonot berdi

Xabaringiz bor, o‘tgan hafta “Madaniyat va ma’rifat” telekanali yopilishi yoxud uning negizida “Karvon” telekanali ochilishi haqdagi xabarlar tarqalib, bu keng jamoatchilikning e’tirozlariga sabab bo‘lgan edi. Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov masala yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi.

“Madaniyat va ma’rifat” telekanali Madaniyat va turizm vazirligi tarkibiga qo‘shib berilishi yuzasidan bildirilayotgan fikr-mulohaza hamda takliflarni o‘rganib chiqib, quyidagilarni ma’lum qilmoqchiman.

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Karvon» telekanalini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi tayyorlanib, bir necha kun avval normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi – project.gov.uzda e’lon qilindi.
Quvonarlisi, mazkur qaror loyihasi jamoatchilik tomonidan qizg‘in kutib olindi hamda ijtimoiy tarmoqda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Hafta davomida trendga chiqqan “Madaniyat va ma’rifat” telekanali atrofidagi fikr-mulohazalar millatimiz ziyolilari, teleijodkorlar yuragida yig‘ilib qolgan dardlarni ham oshkor qildi. Bu jo‘shqin chiqishlar to‘lqinida e’tiborimni tortgan masalalar qatorida quyidagilarni alohida belgilab oldim:

1. Telekanal nomini o‘zgartirmaslik;
2. Ilmiy-ma’rifiy, adabiy-badiiy loyihalarni saqlab qolish va rivojlantirish;
3. Moddiy-texnik baza masalasiga yechim topish;
4. Mehnatga munosib haq to‘lash masalasini hal qilish;
5. Badiiy va hujjatli filmlar, umuman, barcha janrdagi mediamahsulotni efirga uzatishda litsenziya bilan bog‘liq masalalar.

Bu va boshqa yondosh masalalar bosqichma-bosqich hal etilishi lozim, bu jarayonlarda esa butun jamoa birlashishi, bahs-munozara maydonida ko‘rsatgan qat’iyatini ish maydonida ham namoyon etishi zarur deb bilaman. Zero shu yurt, shu xalq vakillari sifatida barchamiz umumiy maqsad yo‘lida – millatni yuksaltirish, yurt ravnaqiga hissa qo‘shish yo‘lida kamarbastamiz.
“Madaniyat va ma’rifat” telekanali atrofidagi jo‘shqin bahslarda xolis ishtirok etgan barcha ziyolilarga yurakdan tashakkur aytaman.
Oydin kunlarga yetishmoq yo‘lidagi xayrli sa’y-harakatlarimiz yaxshi samaralarga yetkazsin, barchalarimizni muborak kunlar fazilatidan nasibador qilsin”, deydi o‘z munosabatida Ozodbek Nazarbekov.