Karantin davrida maktabdan tashqari ta’lim qanday davom etmoqda?
Yurtimizda karantin e’lon qilingan ilk kunlardanoq Xalq ta’limi vazirligi tashabbusi bilan “Onlayn-maktab” loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirilib kelinmoqda. Uchta telekanal orqali 1-11-sinflar uchun to‘rtinchi chorak darslari uzluksiz davom ettirildi.
Ayni paytda o‘quvchilarning televizion darslardan bo‘sh vaqtini samarali o‘tkazish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 5 ta muhim tashabbusi doirasida uyda ularning sport bilan shug‘ullanishi, kitob o‘qishi, iqtidorini rivojlantirishiga qaratilgan onlayn tanlovlar tashkil etildi. Elektron darsliklar, badiiy adabiyotlardan foydalanish, bilimini onlayn oshirishga qaratilgan barcha resurslar bepul qilib qo‘yildi. Jumladan, Xalq ta’limi vazirligining uzedu.uz, online-maktab.uz, eduportal.uz, edumarket.uz, uz.khanacademy.org, kitob.uz kabi elektron ta’lim manbalari o‘quvchilarga havola etildi. Ushbu elektron resurslar orqali o‘quvchilar nafaqat bilimini mustahkamlash, istalgan darslik va badiiy adabiyotni bepul yuklab olib o‘qish, shu bilan birga, iqtidorini rivojlantirishga xizmat qiluvchi turli o‘yinlar o‘ynash imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Bundan tashqari, Xalq ta’limi vazirligi tashabbusi bilan “Uyda qoling!” shiori ostida “Farzandim bilan dars qilaman”, “Biz uyda ham sportni tanlaymiz”, “Iqtidoringni ko‘rsat”, “Raqsning mo‘jizakor jilosi” “Hayotga qo‘shil!” ko‘rik-tanlovlari o‘tkazildi. Ushbu ko‘rik-tanlovlarda viloyatimiz umumta’lim maktablarining minglab o‘quvchilari faol ishtirok etib kelmoqda. Yakunlangan ba’zi ko‘rik-tanlovlarda yuqori natijalarga ham erishildi.
Jumladan, O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi tomonidan “Uyda qoling!” shiori ostida “Hayotga qo‘shil!” respublika ko‘rik-tanlovida vakillarimiz munosib qatnashdi. 4 ta yo‘nalishda 20 ming nafardan ortiq o‘quvchi orasidan Toyloq tumanidagi 1-umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Nozima Karimova “Eng yaxshi videorolik” yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘rinni, “Eng yaxshi ijtimoiy plakat” yo‘nalishi bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahridagi 17-IDUMning 5-sinf o‘quvchisi Marjona Jo‘rayeva 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Viloyatdagi 17 ta “Barkamol avlod” bolalar maktablari tomonidan telegram ijtimoiy tarmog‘i orqali onlayn to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. To‘garak rahbarlari tomonidan ushbu guruhlar orqali o‘quvchilarga yo‘nalishlar bo‘yicha topshiriqlar berib, natijasi bo‘yicha ularni baholab borishmoqda. Onlayn to‘garaklarda 13 ming nafardan ortiq o‘quvchi a’zo bo‘lib, onlayn mashg‘ulotlarda faol qatnashib kelmoqda. O‘quvchilar “5 tashabbus uyimizda”, “Hunarmandlar oilasi”, “She’riyatni sevaman!”, “Qiziqarli karantin”, “Kitoblar bizning do‘stimiz”, “Rasmlar tanlovi” kabi onlayn tanlovlar va tadbirlarda o‘z iqtidorini namoyon etib borishmoqda. O‘quvchilarning eng yaxshi ijodiy ishlari, uyda bajargan to‘garak mashg‘ulotlari viloyat xalq ta’limi boshqarmasining t.me/samarqandvxtb, www.facebook.com/samarqandvxtb kabi rasmiy kanallari va boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali muntazam yoritib kelinmoqda.
Ayni paytda Samarqand viloyati bolalar kutubxonasining barcha bo‘limlari tomonidan “Online library”, “Samvilelektronkitoblar”, “Jajji kitobxonlar”, “Samarqand viloyat bolalar kutubxonasi”, “Online kutubxona\o‘quv zali” kabi telegram kanallari va guruhlari tashkil etilgan bo‘lib, ularga kitobxonlarning so‘rovlariga binoan elektron va audio kitoblarni muntazam joylashtirib, masofaviy Online xizmat ko‘rsatish davom etmoqda.
Shuningdek, viloyat bolalar kutubxonasi telegramda t.me/samvilkitobxonoila guruhi orqali “Kitobxon oila: 100 ta savolga 100 ta javob” onlayn tanlovi ham tashkil etdi. Ushbu tanlovda ham o‘quvchilar va ota-onalar faol ishtirok etib, onlayn berilgan savollarga javob berib kelishmoqda. Eng faol va to‘g‘ri javoblarni yo‘llab, g‘olib bo‘lgan o‘quvchi va ularning ota-onalari 1 iyunda tashkilotchilar tomonidan taqdirlanadi.
Darhaqiqat, o‘quvchilarning yozgi ta’tili boshlanishiga ham oz fursat qoldi. O‘quvchilarning yozgi ta’til kunlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun “Onlayn-maktab” loyihasi doirasida “Onlayn to‘garak” loyihasini davom ettirish ko‘zda tutilgan. “Onlayn to‘garak” orqali o‘quvchilarning badiiy va texnik ijodkorligini rivojlantirish, sport, musiqa va san’at yo‘nalishlarida to‘garak mashg‘ulotlarini televideniye orqali onlayn efirga uzatib boriladi.
Orif YuSUPOV,
viloyat xalq ta’limi boshqarmasi ma’naviy-axloqiy tarbiya va maktabdan tashqari ta’lim bo‘limi boshlig‘i.