Karantin deb korxona ishchilari bekor qolgani yo‘q

“Gulobod mebel” mas’uliyati cheklangan jamiyati Samarqand tumanidagi yirik korxonalardan biri. Korxona ayni karantin davrida ham gigiyena va sanitariya qoidalariga amal qilgan holda faoliyatini davom ettirmoqda.

- Aslida korxonamizda 250 nafarga yaqin yoshlarni ish bilan ta’minlaganmiz, - deydi korxona ijrochi direktori Hozirqul Anorov. -  Bugungi kunda karantin bo‘lishiga qaramasdan, ishchilarimizning 80 foizi bilan faoliyatimizni davom ettirmoqdamiz. Ular uchun barcha sharoitlar yaratilgan, uyidan olib kelish va olib borib qo‘yish uchun avtobus ajratilgan. Avtobusda bir kunda ikki marta dezinfeksiya ishlari olib borilmoqda.

Uchta sexdan iborat mazkur korxona yiliga 50 milliard so‘mlik mebel mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu yerda Xitoy, Turkiya va Rossiya davlatlaridan keltirilgan zamonaviy dastgohlar yordamida 100 turdan ortiq mebel mahsulotlari tayrlanmoqda.

To‘lqin SIDDIQOV,

Baxtiyor MUSTANOV.