Karantin: Yevropada uzoq kutilgan ochilish

FRANSIYa 3 maydan boshlab karantin choralarini bekor qilishni boshlaydi. Koronavirus kasalligi ko‘payganligi sababli karantin talablari aprel oyining boshidan yana kuchaytirilgan edi. Maktablar, oziq-ovqat va eng zarur mahsulotlar sotuvidan tashqari barcha do‘konlar yopildi. Maxsus guvohnomasiz uydan 10 kilometr uzoqlikda harakatlanish taqiqlangan, mintaqalararo sayohat cheklangan va komendantlik soati mavjud. Kafe, restoran, bar, muzey va teatrlar oktyabr oyidan beri yopiq edi.

"Shunday qilib, 3 maydan boshlab mintaqalararo sayohatlar cheklovlarini va buning uchun maxsus ruxsatnomalar talabini bekor qilish rejalashtirilmoqda. May oyining o‘rtalaridan boshlab ba’zi madaniy muassasalar ochiladi. Uzoq vaqt mobaynida yopiq bo‘lgan madaniy va ko‘ngilochar markazlar yozgacha bosqichma-bosqich ochiladi", deydi 21 aprel kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Fransiya hukumati vakili Gabriyel Attal.

***

DANIYada cheklovlarni yumshatish avjida. Bunga asosan muvaffaqiyatli emlash kampaniyasi ta’sir ko‘rsatdi. Savdo markazlari, restoran va kafelar chorshanba kuni ochildi. Bino ichida ovqatlanish uchun emlash sertifikati talab qilinadi, ammo ochiq terassalar hamma uchun xizmat qilishi mumkin.

"Bugun biz mehmonlarni ichkarida ham, ochiq havoda ham qabul qila olamiz. Dastavval buni ochiq terassalardan boshladik, u yerda taomlarni bir martalik emas, haqiqiy idishlarda tortamiz. Va mehmonlarimiz nihoyat o‘z vaqtlari va xizmatdan to‘liq zavq olishlari mumkin bo‘ladi", deydi Darcy’s Kaffeye egasi Darsi Millar.

***

GRETsIYa o‘z chegaralarini ochishga tayyorlanmoqda. Rasmiy ravishda ushbu sana 14 mayga rejalashtirilgan. Mamlakatdagi mehmonxonalar ham iyun oyida o‘z faoliyatini boshlaydi. Avvalroq Afina Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar, Shengen zonasi hamda Buyuk Britaniya, AQSh, Birlashgan Arab Amirliklari, Serbiya va Isroil turistlari uchun yetti kunlik karantin bekor qilinganligini e’lon qilgandi.