Karantin markazida 42 yoshli fuqaro o‘zini osdi
Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi “O‘rtasaroy” karantin markazida 42 yoshli fuqaro o‘z joniga qasd qilganligi holati yuzasidan joriy yilning 21 iyun kuni internet ijtimoiy tarmoqlarida tarqalgan xabar o‘rganildi. Holat yuzasidan Bosh prokuratura bayonot berdi.
Aniqlanishicha, Farg‘ona viloyatida yashagan fuqaro S.S. 2020 yil 20 iyunda “O‘rtasaroy” karantin markazida o‘zi yotgan xonaga o‘rnatilgan konditsionerning tashqi tomondagi parragiga choyshab bilan noma’lum sabablarga ko‘ra, o‘zini osganligi oqibatida vafot etgan.
Ish hujjatlariga ko‘ra, S.S. 2020 yil 15 iyun kuni O‘zbekiston havo yo‘llari tomonidan tashkil qilingan charter reysi orqali “Moskva-Toshkent” yo‘nalishida O‘zbekiston Respublikasiga kelgan va “Covid-19” koronavirusiga chalingan yoki chalinmaganligini aniqlash maqsadida Yuqori Chirchiq tumanidagi “O‘rtasaroy” karantin markaziga joylashtirilgan va undan koronavirusga surtma olingan.
Mazkur holat yuzasidan tushuntirish bergan A.E. joriy yilning 15 iyun kuni charter reys orqali “Moskva-Toshkent” yo‘nalishida O‘zbekistonga kelganligi va “O‘rtasaroy” karantin markaziga olib kelinganligini, shu kunning o‘zida 1 ta xonaga to‘rt kishi bo‘lib kirishganligini, ularning biri, ya’ni S.S. o‘zini yomon tutib, kasallikka chalinganligini aytib, ular bilan turishni xohlamaganligini, yarim soatlarcha xonaning hovlisida o‘tirganligini, shundan so‘ng shifokorlar kelib u bilan suhbatlashib, uni alohida xonaga joylashtirganligini bayon qilgan.
Shuningdek, “O‘rtasaroy” karantin markaziga xizmatga kelgan, Toshkent shahar Olmazor tumani ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi shifokori Sh.M.ning holat yuzasidan bergan tushuntirishida fuqaro S.S. karantin hududiga joylashtirilgan kundan boshlab o‘zini agressiv tuta boshlaganligini, ovqat yeyishni xohlamaganligini, virusga chalinganligini aytib, u bilan birga joylashtirilgan shaxslarga kasalligini yuqtirishi mumkinligini va ular bilan birga turishni xohlamagan holda boshqa konteynerga joylashtirishlarini talab qilganligini, shundan so‘ng blokda tinchlik saqlash maqsadida S.S. boshqa xonaga o‘tkazilganligini, 16 iyun kuni S.S. psixiatr ko‘rigidan o‘tganligini bayon qilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Yuqori Chirchiq tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Virusologiya markazi tomonidan taqdim qilingan yo‘llanma natijasiga ko‘ra, S.S.da “Covid-19” koronavirusi aniqlanmagan.