Karantin qoidalariga nechog‘lik amal qilinyapti?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi a’zolari - M.Abdiyeva, G‘.Abdiyev, N.Rizayev va Ye.Kompolshiklardan iborat deputatlar guruhi davlatimiz rahbari tomonidan koronavirusga qarshi kurashish choralarini kuchaytirish va aholini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida qabul qilingan farmon va qarorlarning Samarqand viloyatidagi ijrosini o‘rganmoqda.

Dastlab viloyat hokimligi qoshida tashkil etilgan shtabdagi ma’lumotlar bilan tanishgan deputatlar jamoat joylari, tashkilot va idoralarda karantin tadbirlarining qanday tashkil etilganligini o‘rgandi.

Masalan, Urgut tumanida ana shu maqsadlar uchun hozirga qadar qariyb 350 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Toyloq tumanida ham yetarlicha tashkiliy choralar ko‘rilgani bois vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarmoqda.

Viloyatda koronavirus infeksiyasi birinchi marta 5 aprelda Samarqand shahrida qayd qilingan. Bugungi kunda ushbu infeksiyani yuqtirganlar soni 381 nafarni tashkil qilib, 321 nafari sog‘aygan. Raqamlar ijobiy tomonga o‘zgarayotgan bo‘lsa-da, hali xotirjamlikka berilishga erta. Shu bois, deputatlar joylarda kuzatilayotgan karantin qoidalarining buzilishiga oid holatlarni viloyat, tuman va shahar hokimliklari bilan hamkorlikda bartaraf etishni yo‘lga qo‘ymoqda. Misol uchun, Samarqand shahridagi ko‘p tarmoqli poliklinikada yuzaga kelgan dezinfeksiya yo‘lakchasi tashkil qilinib, “Yoshlik” istirohat bog‘ining ochiq turgan darvozalari yopildi.

Davlatimiz rahbarining tegishli qarorida sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining hududiy bo‘limlari tibbiyot xodimlarining lavozim maoshiga mehnatning sog‘liq uchun xavfliligi va og‘ir sharoitlari uchun belgilanadigan qo‘shimcha to‘lovlar miqdorini tegishincha 15 foizdan 50 foizga hamda 40 foizdan 75 foizga oshirish belgilangan. Biroq viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazida ushbu vazifalar ijrosi ta’minlanmagan. Mutaxassislarning aytishlaricha, “hali-hanuz yuqoridan nizom yoki biror-bir ko‘rsatma kelmabdi”. Qiziq, Prezident qarorining mazmuni pandemiya paytida soha xodimlarini rag‘batlantirib, o‘z vaqtida qo‘llab-qo‘vvatlashdan iborat bo‘lsa-yu, ayrim amaldorlar masalaga panja orasidan qarab tursa...

Shuningdek, ishchi guruh viloyat hududida profilaktik dezinfeksiya tadbirlarining amalga oshirilishini ham o‘rganmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, hozirgacha joylarda 328 ming 896 ta ob’yektda shu kabi tadbirlar olib borilgan.

Oliy Majlis deputatlarining Samarqand viloyatida pandemiya holatini o‘rganishlari davom etmoqda.

Abdulaziz YO‘LDOShEV.