“Karera kuni”: 150 nafarga yaqin bitiruvchi ishga qabul qilindi

Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida talaba va bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash, shuningdek, yoshlarni arxitektura va qurilish sohasiga keng jalb etish maqsadida “Karera kuni” mehnat yarmarkasi hamda “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri o‘tkazildi.
Yarmarkada 187 ta yirik va nufuzli kompaniyalar ishtirok etdi. Tadbir davomida 150 nafarga yaqin bitiruvchi talaba suhbat asosida ishga qabul qilindi.
Tadbir doirasida “ARAM” kompaniyasi direktori, “1000 ta millioner” klubi asoschisi Zahiriddin Nosirov tomonidan talabalar uchun tadbirkorlik sirlari bo‘yicha master-klass o‘tkazildi.
Shuningdek, “Ochiq eshiklar kuni” doirasida 400 nafarga yaqin maktab, texnikum va litsey bitiruvchilari uchun universitet bo‘ylab tanishtiruv ekskursiyalari tashkil etildi. Bu tashabbus yoshlarga oliy ta’lim muhitini yaqinroq tanishtirishga xizmat qildi.
Universitet rahbariyati 2024/2025 o‘quv yilida 1815 nafar bitiruvchini tayyorlagan bo‘lsa, kelgusi yildan boshlab mekatronika, energetika muhandisligi, moliyaviy texnologiyalar, metallurgiya, dasturiy injiniring kabi zamonaviy ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ham qabulni kengaytirishni rejalashtirmoqda.