Karvonsaroy kaptarxona degani emas!

Samarqand shahridagi “Muxlis trans park” karvonsaroyi (tir-parki)da shu sohada xizmat ko‘rsatayotgan barcha karvonsaroylar rahbarlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Samarqand viloyati hokimining ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish masalalari bo‘yicha yordamchisi Nozir Ibragimov olib borgan yig‘ilishda viloyat ichki ishlar, soliq, yong‘in xavfsizligi, bojxona, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmalari mutasaddi rahbarlari qatnashdi.
– O‘n kun davomida viloyatimiz hududida olis masofalarga qatnaydigan yuk mashinalari va yuk tashuvchilarga xizmat ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan 11 ta tadbirkorlik sub’yekti faoliyati, yuu yerda yaratilgan sharoitni o‘rgandik, – dedi N.Ibragimov. – Afsuski, ahvol o‘ta achinarli. Vaholanki, chet eldan kelayotgan yuk tashuvchilar uchun karvonsaroy O‘zbekistonning yuzi. Bu yerdagi sharoit, imkoniyatlarga qarab, chet ellik yuk tashuvchilar yurtimiz, elimizga baho beradi. Ayrim karvonsaroylarda eng oddiy sharoitlar ham yaratilmagan, har jabhada tartibsizlik hukmron. Aksincha, aksariyatida yurtdoshlarimiz yuzini qora qiladigan fohishabozlik avj olgan. Bunga kim yo‘l beryapti? Qani huquq-tartibot idora mutasaddilari?
Yig‘ilishda bu kabi holatlarning oldini olish uchun ichki ishlar idoralari rahbar xodimlariga aniq vazifalar berildi.
Shuningdek, yig‘ilishda viloyat IIB migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Laziz Ibragimov yurtimizga kirib kelgan har bir fuqaro singari yuk tashuvchilar ham tranzit yo‘lovchi maqomiga ega ekani, ular qonunlarimizda ko‘rsatilgan muddatdagina yurtimiz hududida bo‘lib turishga haqliligi, shu bois yaqinda “Ye-mehmon” tizimini ishga tushirib, barcha karvonsaroylarni bu tizimga ulanishi va kelgan har bir mehmon qaysi karvonsaroyda to‘xtagani shaffof holda ko‘rinib turishini ta’kidladi.
– Barcha karvonsaroylar rahbarlari belgilangan muddat ichida talabimizga javob beradigan zamonaviy videokuzatuv moslamalarini o‘rnatishlari lozim, – dedi viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, podpolkovnik Sohibjon Qurbonov. – Karvonsaroyga kirgan mashinadagi yuk hali bojxona ko‘rigidan o‘tmagan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun bu yerga kirgan mashinalardagi yuklarga teginish, karvonsaroyda savdo-sotiq qilish mumkin emas.
Yig‘ilish yakunida tadbirkorlarga karvonsaroylardagi ahvolni o‘nglash uchun 10 kun muddat berildi. Barcha karvonsaroylarda “Muxlis trans park”dagi singari zamonaviy sharoitlar yaratish, halollik va poklik qoidalarini joriy qilish shart qilib qo‘yildi.
Karimberdi To‘ramurodov.