“Katta terror” qurbonlari bo‘lgan Samarqand jadidlari

Samarqandda ko‘plab jadidlar avlodi vatan ozodligi, mustaqilligi yo‘lida qahramonona kurash jabhalarida qurbon bo‘lgan.

1937-1938 yillardagikatta terror” siyosatida qatag‘on qilingan samarqandliklarni esga olib o‘tishni lozim ko‘rdik.

Nasriddin Kupuboyev O‘zSSR IIXK Samarqand sektori 1378-sonli ishi bo‘yicha ayblangan. U 1890 yili O‘zbekistonning Kattaqo‘rg‘on shahrida tug‘ilgan, quloqqa tortilishdan qo‘rqib berkinib yurgan. Hibsga olinganida hech bir mashg‘uloti bo‘lmagan. 1920 yildan 1924 yilgacha aksilinqilobiy «Milliy ittihod» tashkiloti a’zosi bo‘lgan.

«Milliy ittihod» tashkilotining a’zosi sifatida doimiy ravishda aksilinqilobiy mag‘lubiyatchilik targ‘ibotini olib borganlikda ayblanib, 1937 yil 21 noyabrda 10 yil qamoq jazosiga hukm etilgan, mehnat tuzatuv lagerida 1937 yil 20 sentyabrdan bo‘lishi ko‘rsatilgan.

Mulla Mardam Kamolov 1884 yili O‘zSSR Kattaqo‘rg‘on rayoni Yormatqo‘zi qishlog‘ida tug‘ilgan, quloqqa tortilgan. 1933 yildan 1936 yilgacha «Milliy ittihod» aksilinqilobiy tashkiloti a’zosi bo‘lgan, bosmachilar to‘dasiga rahbarlik qilgan, 1933 yili aksilinqilobiy tashkilotga mansublikda ayblanib, 3 yil qamoqqa hukm etilgan.

Sovet hokimiyatiga qarshi murosasiz dushman sifatida aksilinqilobiy targ‘ibot olib borganlikda ayblangan. Mulla Mardam 10 yil qamoq jazosiga hukm etilgan, qamoq jazosi muddati 1937 yil 19 sentyabrdan hisoblangan.O‘zSSR IIXK Samarqand sektori 5742-ishi yuzasidan Kamolov Mulla Mardam ayblanib, 10 yil qamoq jazosiga hukm etilgan.

Qo‘zi Haydarbek Abdusoatov 1875 yili Samarqand shahrida tug‘ilgan, quloq, o‘tmishda volost boshqaruvchisi, «Milliy ittihod» aksilinqilobiy tashkilotining rahnamo, liderlaridan biri bo‘lgan. Hibsga olingan paytda aniq mashg‘uloti bo‘lmagan. O‘z atrofiga sobiq aksilinqilobchi tashkilotchilarni to‘plab aksilinqilobiy yig‘inlar o‘tkazgan, bunda aksilinqilobiy targ‘ibot olib borgan, sovet hokimiyatiga qarshi kurashishga da’vat qilgan ayblar qo‘yilgan. O‘zSSR IIXK Samarqand sektori tomonidan 1282-ish bo‘yicha Qo‘zi Haydarbek Abdusoatov otuvga hukm etilgan, unga tegishli mol-mulk musodara qilingan.

Kamoliddin Husainov 1880 yili Samarqand shahrida tug‘ilgan, chor Rossiyasi davrida mahalliy politsiya boshlig‘i bo‘lgan, 1916 yildagi Jizzax qo‘zg‘olonini bostirishda ishtirok etgan, 1920 yildan 1924 yilgacha «Milliy ittihod» aksilinqilobiy tashkiloti a’zosi bo‘lgan. Hibsga olingan paytda aniq mashg‘uloti bo‘lmagan. O‘zSSR IIXK Samarqand sektori tomonidan 1282-ish bo‘yicha unga aksilinqilobiy «Milliy ittihod» tashkiloti a’zosi bo‘lgan va uning aksilinqilobiy yig‘inlarida ishtirok etgan, degan ayb qo‘yilgan, otuvga hukm etilgan, mol-mulki musodara qilingan.

Topildi (Topiboldi bo‘lsa kerak – R.Sh.) Rahmonberdiyev 1884 yili Samarqand shahrida tug‘ilgan, 1919 yildan 1926 yilgacha «Milliy ittihod» tashkiloti a’zosi, hibsga olingan vaqtda O‘zkonservtrest kontorasi kotibi. Unga «Milliy ittihod» aksilinqilobiy tashkiloti filiali kotibi vazifasini bajargan, o‘z uyida aksilinqilobiy majlislar tashkil etgan, degan ayblar qo‘yilgan. 10 yil muddatga mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan, muddati 1937 yil 12 sentyabrdan boshlangan.

Abduaziz Abdug‘afforov 1891 yili Samarqand shahrida tug‘ilgan, volost boshqaruvchisining sobiq kotibi, 1926 yilga qadar «Milliy ittihod» aksilinqilobiy tashkilotining faol a’zosi bo‘lgan. Hibsga olingan vaqtda himoya kollegiyasi a’zosi bo‘lgan, u aksilinqilobchi Abdusattorov bilan aloqada bo‘lib, o‘z uyida aksilinqilobiy targ‘ibot bilan chiqishlar qilganlikda ayblangan, 10 yil mehnat tuzatuv lageriga hukm qilingan, hukm 1937 yil 17 sentyabrdan kuchga kirgan.

Abdubakr Abduxayirov 1900 yili tug‘ilgan, Samarqand shahridan, ruhoniy, katta yer egasining o‘g‘li, «Milliy ittihod» tashkilotining faol a’zosi, hibsga olingan vaqtda oqlovchilar kollegiyasi a’zosi bo‘lgan, o‘z uyida aksilinqilobiy yig‘inlar uyushtirib, ularda sovet hokimiyatiga nisbatan o‘z noroziligini ifoda qilganlikda ayblangan. Unga 10 yil qamoq jazosi berilgan, muddati 1937 yil 17 sentyabrdan hisoblangan.

Jo‘raboyev To‘liboy 1883 yili Samarqand shahrida tug‘ilgan, quloqning o‘g‘li, «Milliy ittihod» aksilinqilobiy tashkiloti a’zosi, hibsga olingan vaqtda mashg‘uloti aniqlanmagan, 1921 yildan 1926 yilgacha «Milliy ittihod» topshirig‘i bilan sovet apparatining buzilishiga olib kelgan aksilinqilobiy yig‘inlarda qatnashgani uchun 10 yil qamoq jazosiga hukm etilgan.

Nasriddinov Faxriddin Rojiy 1878 yili Samarqand shahrida ruhoniy oilada tug‘ilgan, «Milliy ittihod» aksilinqilobiy tashkiloti a’zosi, hibsga olingan paytda o‘qituvchi bo‘lgan, «Milliy ittihod»ga a’zo bo‘lgani, aksilinqilobiy yig‘inlarda ishtirok etgani uchun 10 yil qamoq jazosiga hukm qilingan, jazo muddati 1937 yil 12 sentyabrdan hisoblangan.

Abduqodir Shakuriy 1875 yili Samarqand shahrida tug‘ilgan, quloq, savdogar, «Milliy ittihod» aksilinqilobiy, milliy tashkilot a’zosi, hibsga olingan paytda non kontorasida xizmatchi bo‘lgan, bosmachilik bilan aloqasi borlikda, o‘z uyida milliy, aksilinqilobiy yig‘inlar tashkil etib, ularda aksilinqilobiy, millatchilik targ‘iboti olib borganlikda ayblangan, 10 yil qamoq jazosiga hukm etilgan, muddati 1937 yil 17 sentyabrdan hisoblangan.

Rustambek Shamsutdinov,

tarix fanlari doktori, professor, Markaziy Osiyo fan, madaniyat va san’at akademiyasi akademigi.

(Davomi bor).