Kattaqo‘rg‘on shahri va Polshaning Tarnov shahri o‘rtasida birodarlik aloqalari o‘rnatilishi mumkin

Ushbu masala O‘zbekiston elchixonasi xodimlarining  Kichik Polsha voyevodligining Tarnov shahriga amaliy safari davomida muhokama qilingan.

700 yillik tarixga ega va muhim iqtisodiy hamda madaniy markazi bo‘lgan Tarnov shahri Kichik Polsha voyevodligining markazi hisoblanadi. Bu shahar nafaqat boy tarixi, balki zamonaviy sanoat va turizm imkoniyatlari bilan ham mashhur.

Tarnov shahri meri Yakub Kvasni bilan kechgan suhbatda davomida Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahri va Tarnov shahri o‘rtasida birodarlik aloqalarini o‘rnatish imkoniyatlari muhokama qilindi

Tarnov shahar meriyasida hududdagi yetakchi polyak kompaniyalari vakillari bilan alohida uchrashuv tashkil etildi. Polsha biznesi vakillari mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli va ortga qaytmas islohotlar, O‘zbekiston-Polsha munosabatlarining holati va istiqbollari, hududlararo aloqalar hamda Yangi O‘zbekistonning iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati bilan tanishdilar.

Shuningdek, O‘zbekistonning investitsiya salohiyati va "Termiz xalqaro savdo markazi" erkin savdo zonasi faoliyati to‘g‘risidagi videolavhalar namoyish etildi.

 Polsha ishbilarmon doiralari vakillari shu yilning 10-12 iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan 4-Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish niyatlarini bildirdilar.

Muloqot natijasida Polshaning "Grupa Azoty", "Elzat", "TEK-PAK", "NEXT Nieruchomości", "ControlTec" va "Alsal" kompaniyalari bilan O‘zbekistonda o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi, deya xabar qilmoqda "Dunyo" AA.