Kattaqo‘rg‘on shahrida “Kattaqo‘rg‘on navolari” nazm kechasi o‘tkazildi

Ochig‘i, keyingi yillarda viloyatimizda bunday tadbirlar aytarli o‘tkazilmayotgan edi. Bu xayrli ijodiy kecha haqida yozmoqchi bo‘lgan quyidagi maqolamizni o‘qib, joylarda shunday ma’naviy-ma’rifiy loyihalarni tashkil etuvchilar ko‘paysa nur ustiga a’lo nur bo‘lardi.
Nazm kechasi Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatrida o‘tkazildi. Tadbirning “Kattaqo‘rg‘on navolari” deb atalishi ham bejiz emas. Chunki unda Kattaqo‘rg‘onda tug‘ilib, o‘sgan, avlodlarga salmoqli ijodiy meros qoldirgan Noqis, Xolis, Nizomiddin Zokirov, Yazdon Xudoyqulov, Asqar Jalilov kabi shoirlarning she’r va g‘azallari, shuningdek, bugun qizg‘in ijod qilayotgan Erkatosh Shukurova, Fazilat Abdullayeva kabi shoiralarning sara she’rlari asosidagi qo‘shiqlar guldastasi tomoshabinlarga tuhfa qilindi.
Tadbirda Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi Gavhar Alimova so‘z olib, Kattaqo‘rg‘on shahri tarixi, she’riyati, madaniyati va ziyoli xalqi bilan respublikamizda o‘z o‘rniga ega ekanini e’tirof etdi.
- Ijod xalqining ko‘ngli toza bo‘ladi, - dedi G.Alimova. - Hamma she’r yoza olmaydi. Bu she’rni kuyga solish katta iste’dod va mehnat talab qilsa, maromiga yetkazib kuylash haqiqiy san’atning o‘zginasidir. “Kattaqo‘rg‘on navolari” kechasini tashkil etganlar ham mumtoz san’atimiz fidoyilaridir.
Shahar madaniyat ishlari bo‘limi tomonidan tayyorlangan musiqiy kechada kattaqo‘rg‘onlik shoirlar she’rlari asosida yaratilgan qo‘shiqlarni taniqli xonandalar - O‘tkirbek Ochilov, Maqsudbek Rahimov, Akmaljon Hushiyev, Ma’ruf Inatullayev, shuningdek Farangiz Sanaqulova, Bobir Rahmonov, Najim Omonov kabi iste’dodli yosh san’atkorlar ijro etdi.
Tohir Hamidov.