Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi Yodgoraga avtomobil berishini va’da qildi

Kattaqo‘rg‘on tumanida yashovchi Yodgora Mirzayeva 2016 yil Braziliyada bo‘lib o‘tgan Olimpiadada sportning boks turi bo‘yicha o‘zbekistonlik xotin-qizlar orasida birinchi ishtirokchi bo‘lgan edi.

Tuman hokimi A’zamxon Bahromov Yo.Mirzayevaning onasi Vazira Nurmurodova va ustozi Oybek Tojiyevlar bilan uchrashdi.

Tuman hokimi A.Bahromov Yodgoraning viloyatda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, boks sport turini yanada rivojlantirishdagi munosib hissasi hamda 2019 yil 14-24 aprel kunlari Tailandning Bangkok shahrida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritgani uchun uning onasiga viloyat hokimining tashakkurnomasini topshirdi.

Hokim Yo.Mirzayevaga 2020 yilda Tokioda bo‘lib o‘tadigan Olimpiadada muvaffaqiyatli ishtirok etishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berish hamda Olimpiada bo‘ladigan keyingi yilning avgust oyigacha har oy uch million so‘mdan rag‘batlantirib borishini ta’kidlab, oldindan 3 oylik 9 million so‘m mablag‘ni ham topshirdi. Olimpiadada chempion bo‘lib qaytsa, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan istalgan yengil avtomobilni sovg‘a qilishini ta’kidladi.

Yodgora Mirzayevaning ushbu nufuzli musobaqada g‘olib bo‘lib, yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishiga umid qilamiz.

Kattaqo‘rg‘on tumani hokimligi axborot xizmati.