Kattaqo‘rg‘onda harbiy xizmatchilar savob ishga qo‘l urdi

“Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati bugungi kunda mamlakatimiz bo‘ylab keng yoyilmoqda.

Pandemiya bilan bog‘liq sinovli kunlarga to‘g‘ri kelgan bu yilgi Iydi Qurbon ayyomi arafasida ham karantin qoidalariga rioya qilgan holda mamlakatimiz bo‘ylab mehr-oqibatga yo‘g‘rilgan xayrli ishlar davom etmoqda.

Jumladan, Markaziy harbiy okrugning Kattaqo‘rg‘on garnizoni harbiy xizmatchilari Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi bilan hamkorlikda hududda yashovchi kam ta’minlangan, imkoniyati cheklangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan oilalar hamda “Temir daftar”ga kiritilgan ayollardan iborat jami 40 dan ortiq yurtdoshlarimizga e’tibor ko‘rsatib, oziq-ovqat mahsulotlari hamda maishiy buyumlar tarqatildi.

Yurt o‘g‘lonlari kirib borgan har bir xonadon egalari ko‘rsatilgan bu muruvvat va g‘amxo‘rlik uchun benihoya mamnun ekanligini izhor etishdi.

Markaziy harbiy okrug axborot xizmati.