Kattaqo‘rg‘onda maktab xodimlarining 30 million so‘m hisoblanmay qolgan ish haqi undirib berildi
Majburiy ijro byurosi Kattaqo‘rg‘on tuman bo‘limi tomonidan tuman XTBdan turli maktablarda faoliyat yuritayotgan xo‘jalik ishlari bo‘yicha mudir va laborant kabi vazifalarda ishlaydigan 10 nafar xodimning 30,8 million so‘mlik ish haqi undirib berilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudida qarzdor tuman XTBga nisbatan hisoblanmasdan qolingan va to‘lab berilmagan ish haqini undirish yuzasidan da’vo arizasi ko‘rib chiqilgan. Sud xalq ta’limi xodimlarining manfaatini himoya qilib, o‘z vaqtida to‘lanmagan 30,8 million so‘mlik hisoblanmasdan qolingan ish haqini to‘lanishi haqida qaror chiqargan.
Byuroning Kattaqo‘rg‘on tumani bo‘limi davlat ijrochisi Tohir Rustamovga ko‘ra, mazkur ijro hujjatlari byuroning tuman bo‘limiga kelib tushgan va belgilangan tartibda ijro ishi qo‘zg‘atilgan. Qonunning 30-moddasiga asosan uch oydan oshmagan ish haqini undirish to‘g‘risidagi talablar darhol ijro qilinishini inobatga olib, shu kunning o‘zida qarzdor tashkilotga talabnoma berilgan.
Olib borilgan majburiy ijro harakatlari natijasida 10 nafar xodimning 30,8 million so‘mlik hisoblanmasdan qolingan ish haqi to‘liq undirib berilgan.