Kattaqo‘rg‘onlik 1824 nafar ishsiz yoshga 364 gektar yer ajratilgan

Bu qanday samara beryapti?

Kattaqo‘rg‘on tumanida ishsiz yoshlarning bandligini ta’minlash maqsadida ko‘rilayotgan choralardan biri dehqonchilik qilish uchun yer ajratilayotganidir. 2022 yilda 1644 nafar yoshga E-auksion dasturi orqali 329 gektar yer ajratildi. Shu paytgacha ishsizlik muammosi qiynab kelayotgan yoshlar bu yer maydonlaridan unumli foydanib, ro‘zg‘origa daromad keltiryapti.

- Yoshlarimiz dehqonchilik qilishda qiyinchiliklarga duch kelmasliklari uchun tumanimizning 1-, 2- va 3-sektor hududlarining qulay joylaridan yer maydonlari ajratildi, - deydi Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi rahbari Lazizbek Abduqahhorov. – 2023 yilda 200 nafarga yaqin yoshlar o‘zlari uchun ajratilgan 35 gektar yerdan unumli foydalanyapti. 1-sektor hududi asosan qulupnaychilikka ixtisoslashgan bo‘lib, erta bahordan kech kuzgacha ko‘ngildagidek hosil olinyapti.

- Menga 20 sotix yer ajratilgan, - deydi Tavoron mahallasida yashovchi Shahzod Rahmonov. – 10 sotixiga qulupnay, qolganiga sabzavot mahsulotlari ekib, yaxshi daromad topyapman. Birgina qulupnayning bahorgi hosilidan 12 million so‘m foyda ko‘rdim. Oz bo‘lsa ham haligacha hosil olyapmiz. Xaridorlar shu yerning o‘zidan kilosini 40 ming so‘mdan sotib olib ketyapti. Qirov tushgancha hosil olamiz.

Jonkel mahallasida yashovchi Ma’murjon Shodiqulovni 10 yildan beri ishsizlik muammosi qiynar edi.

2013 yilda kasb-hunar kollejini tugatganman, - deydi u. – Shundan beri muqim bir ishga joylasholmay yurgandim. Bu orada bir necha bor xorijiy davlatlarga borib ham ishlab kelishga to‘g‘ri keldi, ammo oson bo‘lmadi. O‘tgan yili turmush o‘rtog‘im bilan birga "Yoshlar daftari"ga kiritildik. Mahalla faollari maslahati bilan auksionda ishtirok etib, g‘olib bo‘ldik. Ikkimizga 40 sotix yer ajratildi. Bu yerda qulupnaychilik bilan shug‘ullanishga qaror qildik. Birinchi hosildan 40 million so‘m daromad qildik.

Yoshlar qulupnay yetishtirilayotgan maydonlardan kech kuz va qish oylarida ham daromad olishga harakat qilyapti. Ya’ni, o‘tqazilgan qulupnay ko‘chatlari oralarida sarimsoq piyoz, ismaloq kabi turli ko‘katlar urug‘larini qadab, yaxshigina hosil olyapti.

To‘lqin SIDDIQOV,

Baxtiyor MUSTANOV (surat).