Kattaqo‘rg‘onlik tadbirkor issiqxonada 2 milliard so‘mlik 200 tonna bulg‘or qalampiri yetishtirdi
Bundan ikki yil avval aholi daromadini oshirish maqsadida Kattaqo‘rg‘on tumani Oyjon mahallasi hududida bo‘sh va qarovsiz yotgan 50 gektar yer maydonida limonchilikka ixtisoslashgan issiqxona qurilgan edi. Hozirda bu yerda faoliyat yuritayotgan mahalliy tadbirkorlar limon ko‘chatlari ekilgan issiqxonalarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiryapti.
- To‘rt gektar maydonga 3 ming tup limon ekdik, - deydi “Usta me’mor agrofirma” MChJ rahbari Sherbek To‘xtayev. – Limon voyaga yetguncha oralariga turli dehqonchilik mahsulotlari, sabzavot ekinlarini yetishtiryapmiz. Yil boshida 150 ming tup eksportbop bulg‘or qalampiri ekdik. Bu eksportbop nav har tubidan 5 kilogacha hosil beradi. Qolaversa, uzoq muddat saqlanishi bilan ham mahalliy navga nisbatan daromadli. Yig‘ib olingan mahsulotni asosan Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Rossiyaga ekport qilish rejalashtirilgan. Bulg‘or qalampiridan 200 tonna hosil va 2 milliard so‘m daromad olishni mo‘ljallayapmiz.
Hududda bugungi kunda 10 ga yaqin tadbirkor shu tarzda o‘z mahsulotlarini eksportga tayyorlayapti.