Kechagi va bugungi kun: Yaxshilari ham, aksilari ham bor
(Esse)
Bolaligimizda sariq temir qoplamali, odamlar ichida zich bo‘lib ketganda hidlanib ketadigan avtobusda tuman markaziga borganmiz.
Ishtixon shaharchasiga kirib kelganimizni quyuq daraxtzor boshlanishi bilan anglardik. Sababi, odamlar: «Xudoga shukur», «Murod Jo‘rayev ekkanda», «Hamma joyga chinor ekish kerak», «Hamma hokim shunaqa bo‘lsa-da» der, tandirdek qizib ketgan avtobus birdan soviy boshlashini tanasida his qila boshlar, sababi, daraxtlar juda quyuq soya berib turardi.
Undan avvalgi kunlarda harbiylar, yoshlar, qariyalar qo‘liga sovet bayrog‘ini olib, hokimiyat binosi oldida turib olgan sovet rahbarlari, sovet armiyasi generallari turgan minbar yonidan baxtiyor qo‘l siltab: «Ura», «Ura», «Ura», deya «parad» yurishi qilib o‘tib ketardilar. Biz ham taqlidan: «Ura» deb uch marta qo‘l silkitib, qichqirardik.
Otam bergan temir chaqalarga nimadir yegan, ichgan bo‘lib, yana o‘sha charsillab qizigan «temir qafas»larda uyga qaytganlarimni xotirlayman.
Uyimiz orqasidagi paxtaxonadan qishning qahraton kunlari ham hatto g‘o‘zani sovuq o‘rib bo‘lgan ko‘rak-chanoqlarini ho‘l fartukda uyga yelkalab, boshimizga qo‘yib, ko‘tarib kelib, chuvirdik. Qor yoqqan payti ham dalaga olib chiqishar, sovuqdan barmoq uchlarimiz qotardi.
Yo‘q tolaga ship-shiydam, qorli dalada bizni buqadar nega izg‘itishgan, tushunarsiz? Guvva-guvva o‘quvchilar, ayniqsa, o‘qituvchilarni umri dalada edi.
O‘qituvchi siyosatchi, paxtani o‘zi siyosat, yeyish-ichishing esa umuman siyosat emas, sakson tiyin shakar narxi, lekin qani uni ishlab topishga vaqt, erkinlik?!
Ko‘chada tutib olib paxta terishga quvib ketsa, doim tovoning yoriq, qo‘ling chanoqlarda tilingan, hammaning kafti g‘adir-budir, tirnoqlar osti kir-chir bo‘lardi.
Chet elga borish yoki erkin ishlash, pul topish kerakmi?! Unday qilsang, kommunistik partiyaning dushmanisan! Savdogarlar bo‘lgan, myelisadan qochib kun ko‘rgan, ularni salkam «xalq dushmani»dek halloslatib, quvib, «choychaqachi ustasi faranglar» deb felyetonlar qilardilar...
Hammada mo‘l-ko‘l yer, bizda otamning otasidan qolgan yerlar allaqachon qo‘shnilarga berib yuborilgan, ota-onadan yetim qolgan otam xolasini qo‘lida voyaga yetib, uylanib, o‘z qishlog‘iga qaytib kelganida hamma joy egallab bo‘lingan, otamga esa kichik parcha yer qolgan. Otamning otasining yeri esa qishloqning yarmini egallagan ekan.
Biz bir parcha yerga ishlov berardik, nima eksak, hosilimiz sotishda arzon bo‘lib ketar, ammo o‘zimiz ro‘zg‘orga maza qilib ishlatardik.
Otam Ishtixonda yashaydigan koreys millatiga mansub kichik sonli qavmlarga qarab, karam, sabzi, pomidor, bodring, bo‘lg‘or qalampirlarini qayta ishlash: sho‘r karam, sho‘r pomidor, «markovcha», qizil bo‘lg‘orni tuzlash, ba’zida pomidor pastalarini kichik bankalarga yopishni mustaqil o‘rganib chiqdi va uyimizda joy tayyorlab, yog‘och idishlar, salafan qoplarga, hatto katta o‘ralarga tonna-tonna karam tuzlash yo‘llarini o‘rganib oldi.
Ayam esa qahraton qishdayam bozordan qolmay, otam tayyorlab bergan, qayta ishlangan sabzavotlarni sotib kelar, qishdan biz bemalol boy bo‘lib chiqardik.
Hozir ayam 84 yoshda, umrida og‘ir kasal bo‘lib xastaxonalarda yotmagan. Mana endigina bir necha kun avval, kasalxona eshigidan kirib vrach ko‘rsatmasida, “buyragida juda oz shamollash bor, onaxon nega buncha bezovta, qo‘rqayapti? Qand kasali yo‘q, qon bosimi ham yuqori emas. Onalarimizning sog‘ligi temirdek mustahkam, sovetning odami-da...”, deb qoldi.
Qiziq, o‘zim sovetni maktabida o‘qiganman, ustozlarimni yaxshi ko‘raman. Ota-onam “sovetning odami”, lekin ”sovetning zamoni”ni negadir yomon ko‘rib qolganman.
Fikrlarimni tartibga olish uchun yana ayamni, oilamizdagi sog‘lom muhitdan gapirsam... Sababi, uyimizdagi intizom, ovqatlanish va uning ratsioni tartiblarga to‘g‘ri kelgan. Masalan, uyimizda har hafta osh qilinar, haftada bir marta kalsiyga boy tuyoq sho‘rva, xasipli ovqat, sholg‘om solingan qo‘y go‘shtidan sho‘rva, baliq ham tez-tez olib kelinib, pishirilardi.
Tong sahardan sut ichib maktabga ketardik. Qishda yashil ko‘katlarni ham o‘zimizga, qo‘shnilarga berib yuborardik, bozorga ham olib borib sotardik. Oilani, bolalarni parvarishlashda go‘yo otam allaqayerdan dars olib kelganga o‘xshardi.
Hozir hamma joyda shu haqida yozishadi, aytishadi. Sun’iy ovqatlarni ko‘p iste’mol qilish zararlari takror-takror aytiladi, otam ham takror-takror, shakarni kam iste’mol qilishimiz, issiq ovqatni vaqtida yeb turishimiz, yuvinishda, oziq-ovqat, suvni ishlatishda poklikka amal qilish, oyoqni issiq tutish kabi amallarni aytishdan charchamas, ba’zida qattiqqo‘lligini oshirib ham yuborardi.
Masalan, ochiq qolgan suv idishidan jahli chiqar, dalada qanchalik ko‘p ishlab kelmasin bizga tushintirishdan charchamas, qo‘lni sovunlab yuvishni, ovqatimizga ataydan sarimsoqpiyoz solishni takrorlab turar, uyimizda turpsiz osh yeyilmas, moshsiz qishni o‘tkazmasdik, sholg‘omsiz sho‘rva bo‘lmasdi.
Mamlakatimizda, hatto butun dunyoda shu oddiy haqiqatlar, otam aytib o‘tib ketgan gaplarning har biri kun, hafta, yil muhokamalariga sabab bo‘ldi. Ushbu kunlar nopoklik, yuvuqsizlik, ovqatlanishda oziqning har bir foydali, zararli tomonlari har bir xalqda shakllanishi kerak ekanki, u butun bir jamiyatning qirilib ketishiga ham sababchi bo‘lar ekan.
Immunituti baland kishilar, xalqlar juda ko‘p talafot ko‘rmadi. Lyekin Amerikadek badavlat davlat aholisi katta zararlandi.
Internet xalqlarning turmush darajasini o‘rganishni yaqinlashtirib yubordi. Masalan, xitoylar va hindlarning turmush darajasi, ovqatlanish madaniyati, bizni asrlardir tarbiyalab kelingan xalqimizning turmush etikasidan butunlay uzoq. Lekin hozir biz qayerga borsak, o‘sha joyni odatlarini o‘zimizga singdirib olishimiz xavfli tusga kirdi. Juda xavfli. Negadir bu haqda jamoatchilik gapirmaydi...
Bolalikka yana qaytamiz.
Yoz boshlanishi bilan otamga qo‘shimcha berilgan yerimizga chayla qilib ko‘chib ketardik, singillarimning beshiklarigacha u yerda bo‘lar, handalaklarni otam eng birinchi bo‘lib bozorda sotib kelardi. Qo‘shnilarga o‘rgatar, tekinga ham berib yuborardi.
Qovunlarni yesak, ayniqsa, yarim metrlik qovun tilimlari kun bo‘yi to‘q tutar, kun bo‘yi sakrab, devorlarga, daraxtlarga chiqib o‘ynar edik.
Otam jannatni odami bo‘lganmi, o‘nta farzandni xasta qilmay, och qoldirmay, harom yedirmay katta qilishi, ko‘zimiz to‘q, aqlimiz to‘q bo‘lishiga erishgan. Lekin maktabda yaxshi o‘qishimizni tayinlardi.
Jurnallar, gazetalarning o‘n-o‘n besh xiliga obuna bo‘lishdan og‘rinmas, hamma gazeta va jurnalni berilib o‘qir va bizni ham o‘qishga undardi. "Fan va turmush", "Saodat" jurnallari go‘yo qishloqda birinchi bizning uyda paydo bo‘lardimi, uyimizga pochtachi tashlab ketgandan birov bu gazetani, birov bu jurnalni o‘qigani o‘qigan edi. Qo‘shnilar iltimos bilan ba’zida o‘qib bo‘lingan gazetalarni, jurnallarni so‘rab, olib chiqib ketardi.
Ammo sovetni tashviqoti eng birinchi sahifalarda, old ko‘rinishda bo‘lardi. Hozir o‘ylayman, bizni qanchalik “sovetlashtirish”ga urinmasinlar biz baribir o‘zligimizga talpinaverganmiz.
Oziq-ovqatni gapirayotgandik...
Bizning Ishtixon tomonlarda sariyog‘ga pishirilgan g‘ilmindi taomini ko‘pchilik yoqtiradi. Bu taomni boshqa joylarda unchalik bilishmaydi. Bilishsa-da, ayni bizning usulda pishirmaydi. Bizning oilada ham hamma yoqtiradi. Uyimizda sariyog‘ tekin va sifatli bo‘lishi uchungini sigirlar boqilardi.
Ammo o‘sha bolaligimizdagi sholg‘omlar, kartoshkalar, pomidor, rediskalar boshqacha ta’mga ega edi. Inson hatto qadrdon sabzavotlarini sog‘inishini chet elda yurganimda aniq his qildim. O‘zining yurtida yetishtiriladigan sabzavotlarni sog‘inish hissini birinchi marta tanamda bildim. O‘xshash shakllarini ko‘rsam ham ularni, ular orqali uyimni sog‘inib ketaverdim.
Hozir sabzavotlarning eng chiroylilarining ichida ham hatto o‘sha ta’m yo‘q. Ular qayerga yo‘qoldi? Pomidorlardagi suvlik va totli ta’mga nima bo‘ldi?
Tarvuzlarning po‘stlog‘i va mag‘zi oralig‘idagi sho‘rsifat ta’m qayerdan chiqdi? Danagi ko‘p bo‘lsa-da, nihoyatda shirin bo‘lardi ular...
Yana o‘sha ma’shum paxta dalalaridagi kunlarni eslayman.
Samolyotda paxtani ustiga dori separdilar, ogohlantirmay odamlar ustiga ham sepib ketardilar. Sassiq hid olamni qoplardi. Maktablarni sariq kasal tarqagan oylarda kasalxona sifatida ishlatardilar.
Otam usta dehqon, mo‘l-ko‘l sabzavotlar yetishtirar, yerdan uch mahal hosil olar, handalaklar ekib, sotib kelamiz, ammo eshigimiz atrofigacha paxtazor edi.
Hammaning otasi ham tadbir bilan dehqonchilik qilib, tunda paxta sug‘orib, kunduz qovun-tarvuz, handalak, karam ekib, oilasini boqmasdi, bilmasdi. Ammo hozirgi hayotda negadir dehqonchilik ilmini sevmay qo‘yishdi. Tekinga yer berib, oilangni boq, desalar “Suv yo‘q, yomon yerdan bergan”, deb turli bahonalarni keltiradi. Hatto bolalar pulini to‘xtatib qo‘yishar ekan deb, qayg‘urib, tuman hokimligiga yerni qaytarib olishlarini so‘rab murojaat qilishadi. Nega axir?
Ba’zida ichimdagi qizg‘in fikrlarimni oshkor qilib, tanbeh berib yuborgan onlarim bo‘ldi. Yer sizni to‘yintiradi. Bugungi kunda o‘ttiz yilga ijaraga bermoqda. Bola puli esa oshib borsa uch yilga beriladi. Eng beminnat to‘kinlik manbai, faqatgina mehr va fikrchanlik bo‘lgandehqonchilikka nisbat aytiladi. Urug‘ni sepish oldidan yerni sozlab olasan. Urug‘ sepasan va hatto ba’zida biron qo‘shimcha meniral ozuqa bermasa ham yetarli hosil olish mumkin. Hovlimizdagi o‘n ikki sotix yerdan o‘n jonni boqishga arzirli daromad olardik.
Bitta yoki ikkita bolasini boqolmay er-xotin nafaqa chiqarishga vaqtini sarflab ko‘cha kezadilar, turli idoralarga borib yuradilar. Oddiy makkajo‘xori ekib qo‘ymaydigan, bo‘shdan bo‘sh maydonlarni, o‘t bosib yotgan tomorqalarni ko‘rib, otamdek ziyrak fikrli insonlar nega bunchalar kamayib ketayotganidan afsuslanaman...
Turli ilm dargohlari yurtimizda nihoyatda ko‘payib ketdi, ammo nega o‘qimagan otam uddalagan ro‘zg‘orni tebratish “san’ati” o‘zlashtirilmay qolmoqda...
Otamni yana boshqa qishlog‘imiz haqidagi xotiralarini tez-tez eslayman. Sababi, qishlog‘imizning nomi ham noyob - Shayxlar qishlog‘i. Shu nomga aloqador va ayni paytda aloqasi bo‘lmagan shayx ham ilk ta’limini shu yerda olgan.
Otam aytadi: “Shu paxtaxona eski masjid bo‘lgan, bu yerda odamlar namoz o‘qigan, bir avliyo shu yerda ilk sabog‘ini chiqargan”. Otam avliyoni otini aytmagan yoki esimda qolmadi.
Ammo yillar tez o‘zgardi, namoz o‘qiladigan ayvoniga eshak bog‘langan, devorida yarim-yalang‘och, “tirsillab" kiyinib olgan hind aktrisalarining katta sahna chiqishlarini ommaviy borib ko‘rishga bo‘lgan ko‘rinishlari go‘yo barham topdi.
"Sovetlar madaniyat olib keldi, qoloq xalq bo‘lganmiz", deb qoladi ayrim kimsalar haliyam ijtimoyi tarmoqlarda. Ming yillik e’tiqodingni yo‘qotib, miyangni chayib, yuzta xudocha, xudolarini haykalchalari bor qavmning, rumkalarda mast qiluvchi ichimliklarini ko‘z-ko‘zlovchi, qizlarning sonini katta ekranlarda yoshu-qariga ko‘rsatilishi shumi madaniyat?
Hind kinolari va o‘ris ko‘rinishlari xalqimizning ming yillik qadriyatlariga mutlaqo ters shaklda targ‘ibot qilingan. Romantika desa, hindlarni tushunadigan, ichkilik meros qolgan, hatto tasavvuf atamasini bilmaydigan, aytolmaydigan bilag‘on, bilgichlarimiz hozir ham borligi hammasi: shiorlari katta yoziluvchi o‘sha davrdan, har kuni "Ura" deb yurgan zamonlardan qolgan...
Mustaqillik bo‘lgach, otam ham namozni o‘rganib, u yerda jamoat bilan namoz o‘qib, qaytadigan bo‘ldi. Bu paytga kelib, namoz o‘rgatish kitoblari chop etildi, aslida avliyolar kim ekanligini aytadigan kitoblar paydo bo‘ldi. Ammo kitob o‘qimaydigan millatmiz-da, haliyam kimning avlodi kim bo‘lgan, degan mavzuda so‘z ketsa, «Stalin otam», deb yoqangni yirtuvchilar topiladi. Qoyil-ey! Bu sovetning ideologiyasi kanadek yopishqoq ekanmi, ming yillik qadriyatlarimizni to‘kib-to‘kib, hamma joyni bo‘shliqqa to‘ldirib, o‘zi ham yo‘q bo‘ldi. Yo‘q bo‘lgan xas-xashakni sog‘inish nima ekan-a?
Shayx hazratlari Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning sakkizta kitobini o‘qib chiqdim. Tasavvuf allomasi So‘fi Ollohyorni izlab topdim, otam aytolmagan avliyo bobomizni negadir “Kattaqo‘rg‘onlik” deb chalkashtirar ekanlar. Qadimda Buxora xonligi, Kattaqo‘rg‘on bekligiga qarashli bo‘lgan Ishtixon joylari ham. Minglar qishlog‘i hozirgi Ishtixon tumaniga qarashli.
Ammo shuncha qadriyatlar tiklanganiga quvonaman, shunchalar baland qadri bor kitoblarning hamma nusxasi kutubxonalarda, savdo rastalarida bemalol turibdi.
Avliyolar avliyosi bo‘lgan, xalqaro musulmon olamida tanilgan bobomiz So‘fi Ollohyorning nomini tiklab, uning hamma joydagi maskanlari obod qilindi. Shayxlar qishlog‘idagi masjid ham ayni paytda ikkinchi bor hashar yo‘li bilan qayta qurilmoqda.
Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Minglar qishlog‘ida yashagan, muzeyda ham faoliyat olib borgan tarixchi Qudrat Hasanov, Shayxlar qishlog‘ida yashagan avval adabiyot o‘qituvchisi, keyin masjid imomi bo‘lib ishlagan Olim Mannonov kabi fidoyilar So‘fi Ollohyorni o‘zi tug‘ilib o‘sgan Minglar qishlog‘ini, ilk o‘qigan maktabi - «So‘fi Ollohyor» nomidagi hozirgi Shayxlar mahallasidagi masjid ekanligini dalillarini topib, o‘rganishdi. Yodgorlik (Minglar qishlog‘i) va masjidga u kishining nomini berishga harakat qilishdi.
O‘shanda o‘zimning yutub tarmog‘imga qishloqdoshimiz Olim mullaning So‘fi Ollohyor haqidagi gaplarini joylashtirib ulgurmasimdan Olim mulla vafot etib qoldi. Men olgan vedio-suhbat esdalikka qoldi.
U yerda Olim mulla So‘fi Ollohyor hazratlarini yod etib, jamoa bo‘lib, Surxondaryoning Vaxshivor maskaniga borganliklari, Ishtixon xalqi So‘fi Ollohyor bobomizni dinu-duyonatdagi ishlarini, pand-nasihat yo‘nalishidagi diniy-ma’rifiy asarlarni uylarida asrab-avaylab, qadrlashi to‘g‘risida ham, mehr bilan gapirib berganlari yozilgan vediolavha internet tarmoqlarida qoldi.
Zamonlar aylanib, zamonlar chekilib, mustaqil va hurligimiz qaytganini Olim muallimimiz qaytmaydigan bo‘lib qaytganini sevinib gapirib bergandi. Ammo baribir negadir, mustaqillikdan so‘ng ham turg‘unlik yillarni ham jafosini, diqqatli yillarni ko‘pchilik boshidan kechirdi...
Ammo xayrlisi...
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonni boshqara boshlagandan so‘ng, menga eng ma’qul kelgani, O‘zbekiston dunyo mamlakatlariga o‘zini taqdim qildi. Qaysiki ma’noda xalqparvarlik, izchillik, rivojlanish eng oliy maqsad qilib olindi. O‘zim hattoki, bunday siyosatdan ruhlanib ketganimni yashirolmay qoldim.
Bir yaxshi havolar kirib keldi yurtimga. Adolatni tarannum qilgan borki, elda aziz bo‘ldi. Men ham So‘fi Ollohyor bobomizning hayoti, bizga qoldirgan noyob merosini yaxshiroq o‘rganish uchun internetdan foydalana–foydalana, hazil qilib aytganda ko‘p tarmoqli insonga aylanib ketdim. Zerikishga fursat yo‘q...
Jamiyat uyg‘ondi, so‘zning qadri oshdi.
Hatto hokimlarning dunyoqarashi ilgarilab ketdi.
Ularning Yangi O‘zbekiston siyosati uchun iqtidorlarini tanlab olinishi, bilim va tushunchalarida dunyoqarashining professonallashishi, xalqqa ochiq bo‘lishi kabi sifatlar bilan “to‘yinib” kelishi, nur ustiga nur bo‘la boshlanayotganini “Ishtixon tajribasi”da angladik.
Bundan bir necha yil avval Ishtixonga yangi rahbar tayinlandi. Prezident tashabbusi bilan hokimlar kabinetida o‘tirmay, xonadonlarga borib, uyma-uy yurdi, muammolarni, odamlarning yashash tarzini o‘rgandi.
Sovet zamonida yetishtirgan hosilingni chigit-tolasigacha yig‘ishtirib, supurib olib ketgan bo‘lsa, endigi zamonning holatini qarang: elni oldiga hukumatdan kelib eshigingda “Nimang kam?”, deb tursaya.Bunday go‘zal oqibatni qaysi davr yoki davru davron ko‘rgan ekan?!
Ishtixondagi Chag‘atoy, Qiyot, Mirishkor mahallalari oboddan obod maskanlarga aylanib ketdi. O‘sha qishloqlarni rahbarlar eshikma–eshik kirib o‘rganishdi. Ichidagi muammolarini ko‘pchiligi aytishga uyalib o‘tirsa, ayrimlari yolg‘on, hukumat, aldab ketadi, obod qilish osonmi, deb piching otib yurdi.
Ammo ezgu ishni boshlagan fidoyilar tinmagandan-tinmadi. Elni o‘qitishdi, chiroyli turmush tarzi bilan yashashga o‘rgatishdi. Chiroyli binolarni maqtanchoqlik bilan emas, haqiqiy obodlik bilan qurgin, dedi, oshxonang orasta, hojatxonang ham pokiza bo‘lsin, molxonangni yilda bir dezinfeksiyalagin, tomorqangga uch marta ekin ekkin, dedi. Hovlingdagi bog‘ingni parvarishla, bolalarga qadriyatlarni o‘rgatgin, dedi.
Gullar olib kelib, xonadonlarga ekildi. Hatto piyozlar tarqatgan zamonni ko‘rganmisiz? Eksin, urug‘ qilsin, dedi.
Kanallar atrofi obod bo‘lgandan-bo‘ldi. Sog‘lomlashtirish yo‘laklari qilindi. Maktablarga, maktabgacha ta’lim muassasalariga, qabristonlarga e’tibor qaratildi.
Men ham bu ezgu ishlarga sherik bo‘lishni istayman: har bir ishchi-xodim bilan birga yuraman, hali shag‘al to‘kadigan, asfalt qilgan traktorlarni suratga olaman, chang-to‘zon ichida ularga “Hormang” deyman, hali suv bo‘yidagi texnikalar yonida, hali xotin-qizlarning tadbirida qatnashaman. Ayollar, bilasiz, turlicha suratga tushishni yoqtiradi, injiqlanadi, ming xil suratga olishimni so‘raydi, suratga olaveramanva ijtimoiy tarmoqlarga joylayman.
Go‘zal yurtimizning ko‘kragiga shamol tekkan kunga o‘ttiz uch yil to‘layotgan bugungi faraxli kunlarda mamlakatimizning bir bo‘lagi bo‘lgan Ishtixon tumanida yanayam ko‘p va xo‘p ezgu ishlar qilinyapti. Bunday bunyodkorlik, odamlardagi shijoat har bir qishloq, ovulga yoyilgan. Bularni alqab yozish uchun biz, jurnalist-ijodkorlarga ham kerakli imkoniyatlar yaratilganki, qalam tebratmasak kasbimizni uvol qilgan bo‘lamiz...
Gulzamon AKBAR,
jurnalist.