Keksalarimizga "Nuroniylar maskanlari" qurib berildi, sihatgohlarga yuborildi

Bu fikr O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash "Nuroniy" jamg‘armasi viloyat bo‘limi vasiylik kengashining 2018 yil yakunlari hamda 2019 yildagi vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilishida yana bir bor e’tirof etildi.

Unda vasiylik kengashi raisi, viloyat hokimi E.Turdimov ishtirok etdi.

"Nuroniy" jamg‘armasi viloyat bo‘limi kengashi raisi Hasan Normurodovning hisobot ma’ruzasida ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2016 yil 28 dekabrdagi "O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash "Nuroniy" jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida"gi farmoni otaxon va onaxonlarning ijtimoiy hayotdagi faolligi yanada oshishiga, yoshlarni Vatanga muhabbat, keksalarni hurmat qilish ruhida tarbiyalashga hissa qo‘shish yo‘llarini belgilab berdi va jamg‘arma faoliyatida tub burilish yasadi.

Jamg‘arma faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijasida 2018 yilda bo‘limlar uchun barcha qulaylikka ega bo‘lgan "Nuroniylar maskanlari" qurib berildi. Yil davomida keksalarimiz ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanmoqda, ular tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ko‘pchiligi sihatgohlarga yuborildi. Muhimi, faxriy otaxonlar va muhtarama onaxonlarimiz faol hayotga qaytarilmoqda.

Viloyat hokimi E.Turdimov faxriylarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik va imkoniyatlarga to‘xtaldi.

– Bugungi kunda nuroniylarimiz ishtirok etmaydigan birorta soha yo‘q, – dedi hokim. – Shu bois, biz bu tabarruk insonlarni o‘zimizning maslahatchilarimiz deb qaraymiz. Viloyat ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy va ma’naviy hayotida ular kuchidan keng foydalanayotganimiz yaxshi samara bermoqda. Odamlarni ittifoqlikka, hamjihatlikka chaqirishda, jamoatchilik fikrini uyg‘otishda faxriylarimizga tayanamiz. Shu boisdan men bu aziz kishilarni jamoatchilikning o‘zagi degim keladi.

Yig‘ilishda shu yilning may oyida o‘tkaziladigan fuqarolar yig‘inlari raislari saylovi, aholi tomorqalaridan unumli foydalanish, jinoyatchilikning oldini olishda nuroniylar oldida turgan vazifalar ishtirokchilarning diqqat markazida bo‘ldi.

Tadbirda 8-mart bayrami munosabati bilan bir guruh faxriy ayollarga "Mehnat faxriysi" ko‘krak nishonlari hamda guvohnomalar topshirildi.

Adham HAYITOV,

A.XARITONOV (foto).