Keksasini ulug‘lagan elning kelajagi bor

Keksa fuqarolar jamiyatning nufuzla qatlami sanaladi. Shu boisdan ularga bo‘lgan izzat-hurmat va ehtirom hamisha ustuvor qadriyatlardan biri bo‘lib kelgan. Ayniqsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda boshlangan keksalarni e’zozlash haftaligida xalqimizga xos bo‘lgan bu an’ana yanada yaqqol namoyon bo‘layotir.

Bugun mazkur haftalik doirasida Qo‘shrabot tumanidagi 26- umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari va N-qism harbiy xizmatchilari bilan Boyto‘p, Yuqori Saroy, Quvkalla, Mayintepa, Zarkent va Buloq mahalla fuqarolar yig‘inlarida istiqomat qilayotgan nuroniylarning yosh avlod vakillari uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Katta hayotiy yo‘lni bosib o‘tgan, mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlashga fidokorona mehnatlari bilan bebaho hissa qo‘shgan keksa avlod vakillari o‘zlarining ibratli hayot lavhalaridan so‘zlab, tadbir ishtirokchilarini vatanni sevishga, iymon-e’tiqodli bo‘lishga, ilmlarni puxta va chuqur egallab, komil insonlar bo‘lib yetishishga undashdi.

Ayniqsa, harbiy qismda bo‘lib o‘tgan “Kasbim - faxrim” mavzusidagi tadbirda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni va “Shuhrat” medali sohibi Muhiddin Chorqulov, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zosi Norbobo Shakarov, huquqshunos Ibrohim O‘sarovlarning chiqishlarini yoshlar zo‘r ishtiyoq bilan tingladi va ularning boy hayotiy tajribalaridan bahramand bo‘lib, o‘zlari uchun qimmatli saboq oldi.

Bobo Saroiy.