Kelajak bunyodkori bo‘lish – yuksak burchim

Bu maqsadimni Prezident Shavkat Mirziyoyevga baralla aytdim. Endigi harakatim - va’damning ustidan chiqish.
Til o‘rganish va taniqli biznesmen bo‘lish bolalikdagi orzuim edi. Oilada ota-onam hamda maktab darslari va qo‘shimcha to‘garaklarda ustozlarim tomonidan berilgan ta’lim-tarbiya orzularimni maqsadga aylantirdi.
Ayniqsa, keyingi yillarda mamlakatimizda yoshlarning til o‘rganishi, ta’lim olishi, turli xalqaro universitetlarda o‘qishi uchun imkoniyatlar eshigi kengroq ochildi. 2017 yilda Germaniya Federatsiyasining DAAD stipendiyasi orqali shu davlatning “European University of Viadrina” universitetiga o‘qishga qabul qilinganim maqsadimga erishishdagi ilk qadam bo‘ldi. Universitetning 3 yillik bakalavr o‘qishini 2 yilda, ya’ni 2019 yilda imtiyozli tamomladim. Bunday holat universitetning yaqin 50 yillik tarixida ilk marta sodir bo‘lgan ekan.
2020 yilda QS reytingi bo‘yicha dunyoda 16-o‘rinda turuvchi Buyuk Britaniyaning Edinburg universitetining magistratura bosqichini a’lo baholar bilan tamomladim. Talabalik davrimda Oxford va Cambridge kabi universitetlarning konferensiyalarida muntazam ishtirok etdim.
2021 yilda “Polyglot school” xorijiy tillarni o‘rgatish markazini tashkil qildim. Ushbu markazda 100 nafardan ziyod tajribali o‘qituvchi faoliyat olib boradi. Jumladan, Germaniya, Fransiya va AQShdan taklif qilingan mutaxassislar yoshlarga xorijiy tillarni o‘rgatmoqda. Bu yerda ta’lim olgan yoshlarning 70 nafari dunyoning top 100 talikka kirgan oliy o‘quv yurtlariga grant asosida o‘qishga qabul qilingan.
O‘zim ham bir zum o‘qish, izlanishdan to‘xtaganim yo‘q. Yettita tilda erkin so‘zlasha olaman. Ingliz, nemis, turk tillarini bilish darajasi bo‘yicha xalqaro sertifikatlarga egaman.
Yaqinda Yoshlar kuni munosabati bilan Prezident farmoniga asosan “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlandim. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan uchrashuvda mukofotni Prezident o‘z qo‘llari bilan ko‘ksimga taqib qo‘yishi juda quvonchli va hayajonli bo‘ldi. Meni taqdirlar ekan, biz kabi tadbirkor yoshlardan minnatdorligini aytib, kelgusida ham xayrli ishlarni amalga oshirishim uchun ishonch bildirdi.
Uchrashuvida so‘zga chiqib, davlatimiz rahbariga minbarda turib minnatdorlik bildirish ham nasib etdi. Uchrashuvda medalda yozilganidek, kelajak bunyodkori bo‘lishni zimmamga yuklatilgan mas’uliyat, oldimga qo‘ygan hayotiy missiyam, yuksak burchim ekanligini aytdim.
Shohruh Qudratov.