“Kelajak liderlari” o‘qitildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan hamkorlikda istiqbolli yoshlarni rahbarlik lavozimlariga tayyorlash maqsadida “Kelajak liderlari” maxsus intensiv malaka oshirish dasturining birinchi mavsumi 2021 yilning fevral-aprel oylarida tashkil etildi.
Dastur muvaffaqiyatli yakunlanib, bitiruvchilar rahbar lavozimlariga tavsiya etildi hamda milliy kadrlar zaxirasiga kiritildi.
Shiddat bilan o‘zgarayotgan davrga tez moslasha oladigan, o‘zgarishlarni davlat xizmatiga keng joriy qila oladigan va eng muhimi, xalqchil yangi avlod kadrlar zaxirasini shakllantirish, istiqbolli yosh davlat xizmatchilarida rahbarlik ko‘nikmalarini shakllantirish va keyinchalik ularni rahbarlik lavozimlariga tavsiya etish maqsadida “Kelajak liderlari” maxsus malaka oshirish dasturining 2-mavsumi uchun o‘rta bo‘g‘in boshqaruv kadrlari va mutaxassislari saralab olindi.
Respublikaning 94 ta davlat organi va tashkilotidan tavsiya etilgan hamda agentlik tomonidan tashkil etilgan telegram-bot orqali ariza topshirgan, 25 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan 1862 nafar davlat xizmatida faoliyat yuritayotgan o‘rta bo‘g‘in boshqaruv kadrlari va mutaxassislari orasidan tizimli muammolarni aniqlash va bartaraf etish ko‘nikmasiga ega, strategik fikrlovchi, keng qamrovli islohotlar va imkoniyatlarni oldindan ko‘ra oladigan 54 nafar yosh tanlab olindi.
Saralash ishlari davomida shaxsiy ma’lumotnomani baholash tizimi orqali 294 nafar nomzod, davlat xizmatchilarini sinovdan o‘tkazish moduli yordamida test sinovi orqali 194 nomzod saralandi. Agentlik xodimlari tomonidan amalga oshirilgan suhbat-assesment bosqichi yakunlariga ko‘ra, 54 nafar (19 foiz tinglovchilar xotin-qizlarni tashkil etadi) yosh kadrlarning nomzodi dastur tinglovchiligiga qabul qilishga tavsiya etildi.
“Kelajak liderlari” maxsus malaka oshirish dasturining navbatdagi mavsumi 24 mart - 26 may kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida tashkil etildi. Dastur to‘rt bosqichda - auditoriyada nazariy, stajirovka-dublyorlik, mahallada amaliyot, mahalliy va xorijiy stajirovka asosida o‘tkazildi. Tinglovchilar ikki hafta davomida mahalla raislari dublyori, hokimning mahalladagi yordamchisi, mahalladagi yoshlar yetakchisi sifatida amaliy ishga jalb etildi.
Dastur davomida tinglovchilar davlat fuqarolik xizmati huquqiy asoslari va kadrlar siyosati, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, global boshqaruv va jahon siyosati va boshqa dolzarb mavzularda bilim va ko‘nikmalarini oshirdilar. Mahallalardagi amaliyot hamda xorijiy stajirovka intensiv tarzda egallagan bilimlarini mustahkamlashga yordam berdi.
Yakuniy natija sifatida o‘quv dasturi talablarini muvaffaqiyatli bajargan, maqsadli bitiruv loyiha taqdimotini namunali amalga oshirgan tinglovchilarga belgilangan shaklda sertifikat berildi.
Sheroz Abduvaliyev,
“Kelajak liderlari” maxsus intensiv malaka oshirish dasturi 2-mavsum tinglovchisi.