Kichik o‘quvchilarning katta tadbiri

Yosh o‘quvchilar O‘zbek tili bayramiga ajoyib sovg‘a tayyorladi.
Urgut tumanidagi 106 -umumta’lim maktabida O‘zbek tili bayrami munosabati bilan tashkil etilgan tadbirning asosiy qahramonlari endi alifboni o‘rganayotgan birinchi sinf o‘quvchilari bo‘ldi.
Mazkur sinf rahbari, xalq ta’limi a’lochisi Aminjon Nozimov maktab rahbariyatiga bu yil til bayramini o‘ziga xos tarzda o‘tkazishni va’da berib, tashabbusni o‘z qo‘liga oldi.
Maktab jamoasi bilan birga Xo‘jabaland mahallasi ahli, ota-onalar "Ona tilim - iftixorim" deb nomlangan tadbirga yig‘ilgach, davraga jajji o‘quvchilar chiqib keldi. Boshlovchi ham, ona tili haqida she’r va hikmatlarni aytuvchi ham birinchi sinf o‘quvchilari bo‘ldi. Endi harf tanib, yozuv-chizuvni o‘rganayotgan o‘g‘il-qizlarning ziyrak va zukkoligi barchani hayratlantirdi.
- Eng yosh o‘quvchilarimiz o‘zbek tili bayramiga shunday ajoyib sovg‘a tayyorlashlarini kutmagandik, - dedi maktab direktori Sh.Ibragimov. - Bu agar farzandlarimizga yoshligidan ona tiliga mehr uyg‘otsak qanday natijalarga erishishimiz mumkinligining yana bir yorqin isboti bo‘ldi. Abdulla Avloniy aytganidek, har bir millatning dunyoda borligini ko‘rsatadigan oyinai hayoti til va adabiyotdir. Demak, biz farzandlarimizni aqlini taniganidanoq bu oyinai hayot bilan tanishtirishimiz kerak.