Kiyev yaqinida Zelenskiyning birinchi yordamchisi mashinasi o‘qqa tutildi
Ukraina prezidentining birinchi yordamchisi Sergey Shefirning hayotiga suiqasd uyushtirildi. Uning mashinasi noma’lum shaxslar tomonidan o‘qqa tutildi. Hukmron "Xalq xizmatkori" partiyasi deputati Yevgeniy Shevchenko Telegram kanalida aytganidek, Shefir jabrlanmagan, lekin uning haydovchisiga uch marta o‘q tegib yaralangan. Hozir u og‘ir ahvolda reanimatsiyada.
Ukraina ichki ishlar vazirligi Shefir bo‘lgan mashinani o‘qqa tutish faktini tasdiqladi va otishma uyushtirganlar qidiruvi boshlanganini e’lon qildi. "Ukraina prezidentining birinchi yordamchisining mashinasiga o‘q uzgan shaxslarni qidirish ishlari olib borilmoqda, politsiya maxsus operatsiya o‘tkazmoqda", deyiladi vazirlik Twitter’ida. Ichki ishlar vazirligining aniqlik kiritishicha, mashinaga 10 ta o‘q uzilgan.
Ukraina bosh prokurori Irina Venediktovaning so‘zlariga ko‘ra, hodisa yuzasidan "ikki yoki undan ortiq odamni o‘ldirishga urinish" bo‘yicha jinoiy ish ochilgan.
Shefir Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning azaliy do‘sti hisoblanadi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, u davlat rahbarining kunlik jadvalini boshqaradi. "Kvartal-95" studiyasining direktori va asoschisidir.