Zelenskiy: "Putin bilan murosa qilib bo‘lmaydi"
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy BBC xalqaro sharhlovchisi Jon Simpsonga bergan intervyusida Rossiya bilan murosaga kelish ehtimoli, Yevropaning qo‘llab-quvvatlashi, Belarus bilan munosabatlar va Rossiyaning bahorgi hujumi haqidagi savollarga javob berdi.
Zelenskiyning intervyusi 2022 yil 24 fevralda boshlangan Rossiyaning keng ko‘lamli bosqinining bir yilligiga to‘g‘ri keldi. Zelenskiy Simpson bilan suhbatda Ukraina hududlarini Rossiyaga topshirish xato bo‘lishiga yana bir bor ishonch bildirdi. Chunki bundan keyin Rossiya “yana qaytishni boshlaydi” va faqat G‘arb qurollarini yetkazishgina tinchlikni yaqinlashtirishi mumkin.
Shu bilan birga, Ukrainaning Qrim yoki Donbassdagi hududiy yon berish “mamlakatimiz va Yevropaning markazida bomba paydo bo‘lishiga olib keladi", deya ishonch bildirdi Ukraina prezidenti.
Rossiya bahorda hujum qilishni rejalashtirayotgani haqidagi savolga javoban Zelenskiy hujum aslida boshlanganini aytdi.
Ukraina prezidentining fikricha, Ukraina Qurolli kuchlari rus qo‘shinlari hujumini ushlab turish va qarshi hujumga o‘tishga qodir, ammo buning uchun G‘arb davlatlaridan ko‘proq yordam kerak. "Zamonaviy qurollar albatta tinchlikni yaqinlashtiradi. Qurol tili – Rossiya tushunadigan yagona tildir", - deydi u.
Shu kunlarda Ukraina ittifoqchilari Ukraina Qurolli kuchlarini harbiy samolyotlar bilan ta’minlash imkoniyatini muhokama qilmoqda. Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunakning aytishicha, bunday ta’minot bo‘lishi mumkin, ammo Germaniya va Qo‘shma Shtatlarda ular hali ham rad etilmoqda.
Zelenskiy, shuningdek, payshanba kuni “agar u yerdan Belarus hududiga hech bo‘lmaganda bitta askar mening xalqimni o‘ldirishga kelsa” Ukrainaga qarshi urushga tayyorligini aytgan Belarus yetakchisi Aleksandr Lukashenko bilan munosabatlarga ham to‘xtaldi.
"Umid qilamanki, Belarus urushga qo‘shilmaydi. Agar shunday bo‘ladigan bo‘lsa, biz kurashamiz va omon qolamiz", - dedi Zelenskiy va Rossiya armiyasining Ukrainaga qarshi hujumi uchun tramplin bo‘lish Belarus uchun katta xato bo‘lishini qo‘shimcha qildi.